Davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan bir guruh xotin-qizlarimiz Fransiyada malaka oshirmoqda

    Stajirovka dasturida ishtirok etish uchun “Rahbar ayollar maktabi”da tahsil olgan va samarali faoliyati uchun Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar tavsiya etildi.

    Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, har yili “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv kurslarida 100 nafar xotin-qizlarni oʻqitish va ular orasidan eng salohiyatli kadrlarni ilgʻor xorijiy davlatlarda stajirovka oʻtashini tashkil etish vazifasi belgilangan.

    Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Samarali davlat boshqaruvi” loyihasi, Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi va Fransiyaning Davlat xizmati milliy instituti (Institut National du Service Public, INSP) bilan hamkorlikda “Lider ayollar” stajirovka dasturi ishlab chiqildi.

    Stajirovka dasturida ishtirok etish uchun “Rahbar ayollar maktabi”da tahsil olgan va samarali faoliyati uchun Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar tavsiya etildi.

    Dastur davomida liderlik mohiyati va keng tarqalgan gender stereotiplari, “liderlik rejimi”ga oʻtish uchun koʻnikmalarni rivojlantirish, davlat innovatsion loyihalarida ayol rahbarlarning oʻrni kabi mavzularda amaliy mashgʻulotlar tashkil etiladi.

    Shuningdek, Dastur ishtirokchilari rahbarlik lavozimlariga koʻtarilish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish yuzasidan oʻz strategiyasini ishlab chiqishi, oʻrganilgan tajriba asosida ayol davlat xizmatchilariga moʻljallangan yoʻl xaritasi ishlab chiqishi belgilangan.

    Dastur joriy yilning 10-noyabriga qadar davom etadi.