Monitoring davomida 24 ta vazirlik, 13 ta davlat qoʻmitaii va qoʻmitalar, 24 ta agentlik, 9 ta markaz va 14 ta mahalliy davlat hokimiyatidan tarkib topgan tashkilotlarning 2021-yildagi faoliyatining ochiqlik darajasi oʻrganildi.

Oʻrganish ekspertlar va xorijiy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi monitoringini olib borish va uni baholash metodikasi asosida amalga oshirildi. Shuningdek, “Ochiqlik indeksi” reytingi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining salohiyatidan kelib chiqib, guruhlarga boʻlib shakllantirildi. Yaʼni, vazirliklar alohida, davlat qoʻmitalari va qoʻmitalar alohida, agentliklar, markazlar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ballari alohida-alohida hisoblandi.

Oʻtkazilgan “Ochiqlik indeksi” monitoringi natijalariga koʻra, vazirliklar kesimida Adliya vazirligi (89,22), Davlat qoʻmitalari va qoʻmitalar kesimida Davlat soliq qoʻmitasi (89,49), agentliklar ichida Yoshlar ishlari agentligi (88,07), markazlar ichida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (83,32) hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ichida Samarqand viloyati hokimligi (83,83) ball bilan eng yuqori koʻrsatkichlarni qayd etdi.

Shuning bilan birga, “Ochiqlik indeksi” monitoringini baholash boʻyicha ekspertlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzarxiv” agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Namangan va Xorazm viloyatlarining ochiqlik siyosatini olib borishdagi faol oʻrinlarni qayd etishdi.

“Ochiqlik indeksi” monitoringi natijalari Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishida eʼlon qilindi. Yigʻilishida reytingda past ball toʻplagan Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga kerakli tavsiyalar berildi.

Yigʻilish yakunida Jamoatchilik kengashining qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Jamoatchilik kengashi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi boʻyicha turkum seminarlar tashkil etilishi, Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunining sifatli ijro etilishini taʼminlash maqsadida nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazadi.