Oʻz oʻrnida taʼkidlash kerakki, davlat ijrochilari Oʻzbekiston Respublikasi Prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi” talablari asosida faoliyat olib borishlari qatʼiy belgilangan. Bunda birinchi navbatda qonuniylik, fuqarolar bilan xushmuomalalik bilan xizmat olib borishlari doimo nazoratda.

Lekin ayrim hollarda fuqarolarimiz tomonidan davlat ijrochilarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki ularga tuhmat qilish holatlari ham uchrab turibdi. Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudida davlat ijrochiga tuhmat qilgan fuqaroning maʼmuriy ish atroflicha koʻrib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqaro X.D. joriy yilning 5-mart kuni Majburiy ijro byurosi Namangan tuman boʻlimi davlat ijrochisi tomonidan uyali telefon orqali haqorat qilgani, uning xizmat xonasiga kelganda esa qoʻpol muomalada boʻlgani, qulogʻi va boshiga mushtlab urgan deya koʻrsatma beradi. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan xizmat tekshiruvi va oʻrganishlarda yuqorida keltirilgan vajlar umuman tasdiqlanmagani aniqlandi.

Fuqaro X.D.ga nisbatan davlat ijrochisiga tuhmat qilingan deb topildi va unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40-moddasi bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topiladi. Boʻlib oʻtgan sud jarayonida bu boʻyicha toʻplangan hujjatlar atroflicha koʻrib chiqilib, taraflarning koʻrsatmalari tinglandi va qaror qabul qilindi.

Fuqaro X.D. maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Igor Xodjimirzayev,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi masʼul xodimi