Yig'ilishda e'lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat granti tanlovlariga qabul qilngan loyihalarni ko'rib chiqish bo'yicha ishchi guruhning hisoboti tinglandi. Davlat ijtimoiy buyurtmasi tanloviga qo'yilgan 11 ta vazirlik va davlat tashkilotlarining 17 ta buyurtmasiga 44 ta loyiha kelib tushgan. Natijalarga ko'ra, 10 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining 10 ta ijtimoiy buyurtma loyihasi 8 mlrd. 430 mln. so'mga qo'llab-quvvatlandi. Ajratilgan ijtimoiy buyurtma nodavlat notijorat tashkilotlari joylardagi mavjud muammolarni hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Bu esa ta'lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, kadastr, qurilish, kommunal xo'jaligi, bandlik va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish kabi sohalarda NNTlar faolligini oshirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining samaradorligini kuchaytirishga qaratilmoqda.
Xususan, O'zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi buyurtmasi doirasida Xorazm viloyatining Urganch shahar, Qo'shko'pir va Urganch tumanlaridagi jami 12 ta mahallaning har birida “Workout” maydonchalari va “Salomatlik maktablari” tashkil qiladi. 50 ta mehmonxona, oilaviy mehmon uylari va xostellar xodimlarining malakasi “www.ichkiturizm.uz” veb-sayti tomonidan tashkil etilgan platforma orqali oshiriladi. O'quv jarayonlari uchun material va video darsliklar ishlab chiqiladi. Ushbu platforma orqali mehmonxona hamda ichki turizm soha sub'ektlari uchun o'z xizmatlari haqida bepul targ'ib qilish imkoniyati yaratiladi.
Jizzax viloyati “Istiqlol avlodi” markazi Zomin tumanidagi “Beshkubi“ qishloq fuqarolar yig'inining “Tolli” va “Ingichka” qishloqlarini 6 000 dan ortiq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashga qaratilgan buyurtmani amalga oshiradi. “Bolalar sporti” madaniy–ma'rifiy axborot gazetasi davlat buyurtmasi asosida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Jizzax, Namangan viloyatlarining eng chekka hududlardagi 30 ta maktabgacha ta'lim muassasasida zamonaviy kutubxonalar yaratadi. “Barqaror rivojlanish markazi” qoshida “Virtual madaniyat markazi” platformasi ishga tushiriladi.
“EKOSAN” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi Qorqaqalpog'iston Respublikasi (Nukus shahar), Surxondaryo (Termiz shahar), Buxoro viloyati (Buxoro shahar) va Sirdaryo viloyatlaridan 6 tadan jami 24 ta mahalla tanlab olinib, maxsus chiqindixonalar tashkil etiladi.Shuningdek, umurtqa sohasi bo'yicha nogironligi bor yoshlarni bilim olishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida “Ona tabiat – 3D” kitobi Neft' va gaz sanoatining O'zbekiston ilmiy muhandislar jamiyati tomonidan tayyorlanadi. Toshkent shahrining Bektemir, Yashnobod, Sergeli, Yakkasaroy tumanida, Toshkent viloyatining O'rtachirchiq, Yuqorichirchiq, Pskent, Ohangaron tumanlaridagi umurtqasida nuqsoni bor va uyda doimiy yotoqda bo'lgan 300 nafar nogiron bolalarga hamda Xalq ta'limi vazirligi orqali viloyatlar kesimida imkoniyati cheklangan bolalarga etkazish choralari ko'riladi.
Yig'ilishda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari, ijtimoiy sheriklik bo'yicha jamoat komissiyalari a'zolari bilan muloqotni kuchaytirish, jamiyatda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining xilma-xil shakl va mexanizmlarini amaliyotga joriy etish, hududlarda uchrashuvlar tashkil etish bo'yicha vazifalar belgilab olindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining qarorlari qabul qilindi.