Davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish boʻyicha yangi yondashuvlar belgilandi

    Hukumat 28 Oktabr 2020 4897

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumki, kecha mamlakatimiz rahbarining shu boradagi farmoni qabul qilingan edi. Bugungi yigʻilishda mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

    Farmon ilovalariga muvofiq, 2 mingdan ortiq davlat aktivlariga tegishli masalalar tasdiqlangan. Shundan 479 ta korxona va 15 ta koʻchmas mulk savdolarga qoʻyiladi, 62 ta korxona xususiylashtirishga tayyorlanadi, 32 ta korxona va tarmoq transformatsiya qilinadi, 507 ta bozor faoliyati takomillashtiriladi. Bundan tashqari, ilgarigi qarorlarda koʻrsatilgan 386 ta hamda sotish vakolati hokimlarga berilgan 559 ta obyekt savdolarga chiqariladi.

    – Ochiq aytish kerak: oldin ham xususiylashtirish boʻyicha koʻplab qarorlar qabul qilingan. Lekin birorta rahbar pastga tushib, bu sohadagi bilim va metodikani joylarga yetkazmagani sababli koʻp korxona va obyektlar sotilmasdan turibdi, na davlatga, na tadbirkorga naf keltiryapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yigʻilishda shu boradagi muhim yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi. Avvalo, tadbirkorlarga taklif etiladigan 479 ta korxonaning har biriga alohida yondashish, ularni soddalashtirilgan tartibda savdoga chiqarish kerakligi taʼkidlandi.

    Masalan, Qarshi shahridagi “Texnik taʼmirlash-butlash” korxonasining 2 gektar yer maydoni va 6,5 ming kvadrat metrlik binolaridan foydalanilmayapti. Ayni paytda, bu yerda yuzlab tadbirkor oʻz biznesi uchun yer ajratish toʻgʻrisida murojaat qilgan. Bunday misollarni har bir viloyatda koʻplab topish mumkin.

    Shu bois, boʻsh yer va inshootlarni xatlovdan oʻtkazib, korxonalar ehtiyojidan ortigʻini auksionga chiqarish zarurligi aytildi. Avval qabul qilingan qarorlar doirasidagi hamda sotish vakolati viloyat hokimlariga berilgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

    62 ta yirik korxonani oldin investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, keyin xususiylashtirish muhimligi taʼkidlandi.

    Misol uchun, “Qoʻqon neftgaz parmalash ishlari” korxonasining yillik tushumi 85 milliard soʻm boʻlsa-da, sof foydasi katta emas.

    Yoki, “Xorazmsuvqurilish” korxonasi soʻnggi 2 yilda foyda olmagan. Vaholanki, Yangiariq tumanida ushbu korxonaga tegishli 1 gektardan ziyod yer maydoni va 3 ming kvadrat metrdan ortiq daromad keltirmaydigan binolari mavjud.

    Mutasaddilarga bu kabi korxonalarni xususiylashtirishdan avval “diagnostika” qilish, auditdan oʻtkazish va hisob-kitobini toʻgʻrilash boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

    Davlat loyiha institutlarini transformatsiya qilish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

    Mamlakatimizda yirik qurilish korxonalari koʻpayib bormoqda. Ularni davlat loyiha institutlari bilan kooperatsiya orqali bogʻlab, loyihalar sifatini oshirish, boshqaruvni yaxshilash moʻljallanmoqda.

    Birinchi boʻlib, namuna sifatida “Qishloq qurilish loyiha”, “Ogʻir sanoat loyiha”, “Georangmet LITI”, “Shaharsozlik LITI”, “Tosh uy-joy LITI”, “Toshkent boshplan LITI” loyiha institutlarida ushbu yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Loyiha institutlaridagi davlat ulushi keyinchalik hamkor qurilish tashkilotlariga sotiladi.

    Yigʻilishda bozorlar bilan bogʻliq masalalarga ham eʼtibor qaratildi. 500 dan ziyod bozor va savdo majmualaridagi davlat ishtirokini tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Hozirgi kunda ularning 23 tasi zarar bilan ishlayapti, 210 tasi esa past rentabelli.

    Bunday sharoitda bozorlarni ham savdo, ham dam olish, ham koʻngilochar markazlarga aylantirish yaxshi iqtisodiy samara beradi. Shu maqsadda loyihalar ishlab chiqilib, investorlar oʻrtasida tanlov eʼlon qilinishi aytildi. Tanlov gʻolibiga eng yaxshi shartlarda bank krediti ajratiladi. Shuningdek, tadbirkor bozor daromadini oshirib, soliq tushumlari va ish oʻrinlarini muntazam koʻpaytirib borsa, unga bozorning davlat ulushini boʻlib-boʻlib xarid qilish imkoniyati beriladi.

    Viloyat hokimlariga bozor va savdo majmualarini shu tarzda faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Prezident farmonida 32 ta yirik davlat korxonasi va xoʻjalik birlashmasi transformatsiya qilinishi belgilangan. Xususan, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzdonmahsulot”, “Oʻzsuvtaʼminot” tashkilotlari butun tizimi bilan transformatsiya qilinadi. Shu maqsadda Moliya vazirligida alohida departament tashkil etildi.

    Mutasaddilarga qolgan tarmoqlarni ham chuqur tahlil qilib, transformatsiya boʻyicha takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

    Aholi va tadbirkorlarga batafsil maʼlumot beradigan xususiylashtirish maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish, metodik qoʻllanma tayyorlab, joylarga yetkazish muhimligi aytildi. Shuningdek, televideniye orqali ham xususiylashtirish borasida maʼlumot berib boriladi.

    Oliy Majlis palatalariga Prezident farmoni mohiyatini keng targʻib qilib, xususiylashtirish jarayonlarini halol va ochiq-oshkora oʻtishida parlament nazoratini oʻrnatish tavsiya qilindi. Shuningdek, xususiylashtirish hamda davlat mulkini boshqarishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

    Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi.