Hujjat Prezidentning 30.12.2019-yildagi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4555-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Qaror bilan tasdiqlangan Strategiya davlat moliyasi sohasida rejalashtiriladigan va oʻtkaziladigan islohotlarning aniq maqsad va vazifalari, asosiy yoʻnalishlarini bir hujjatga jamlaydi. Strategiya 2018-yilda PEFA uslubiyati boʻyicha Jahon banki tomonidan oʻtkazilgan amaldagi byudjet tizimi tahliliga, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalariga, shuningdek Xalqaro valyuta jamgʻarmasining shaffoflik kodeksi doirasida fiskal siyosatning shaffofligini diagnostik baholash natijalariga asosan ishlab chiqilgan.

Oʻzbekistonda davlat moliyasi tizimini takomillashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan Davlat byudjeti Parlament tomonidan tasdiqlangan, “Fuqarolar uchun byudjet” nashri chop etilgan, mazkur nashr openbudget.uz axborot portalida joylashtirilgan. Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq eʼlon qilinadi, mahalliy byudjetni shakllanlantirishda kengashlar va hokimliklar roli oshirildi.

Strategiyada 2020-2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini yana-da takomillashtirishning oltita asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • oʻrta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi “natijaga yoʻnaltirilgan byudjet” tizimini joriy etish;
  • makrofiskal prognozlar ishonchliligini taʼminlash boʻyicha institutsional salohiyatni va byudjet jarayoni ishtirokchilarining masʼuliyatini oshirish;
  • byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning masʼuliyatini kuchaytirish;
  • fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
  • byudjet hisobi standartlarni unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash, shuningdek byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • byudjet maʼlumotlarining ochiqligi, toʻliqligi va xalqaro standartlarga mosligini taʼminlash.

Shuningdek qaror bilan Strategiyani amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi tasdiqlangan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 25.08.2020-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.