Masalan, Jizzax politexnika institutida haqiqatda ishlamagan 110 nafar fuqaroga, qariyb 10 milliard soʻm ish haqi hisoblab, noqonuniy oʻzlashtirilgan.
Yoki, Namangan, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari 18 ta obyektda amalda bajarilmagan 50 milliard soʻmlik ishlarni hisobotlarga qoʻshib yozgan.
Sergeli obodonlashtirish boshqarmasida aslida ishlamagan xodimlarga 4,3 milliard soʻm toʻlangan.
Qoʻshrabot taʼlim boʻlimi buxgalteri tomonidan 3 milliard soʻm naqd pul va 1,5 milliard soʻm mablagʻ plastik karta orqali noqonuniy oʻzlashtirilgan.
“Oʻzgidromet” rahbariyati byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan asossiz 1,3 milliard soʻm ssuda olgan, shuningdek, oʻzlariga bir necha karra koʻp mukofotlar yozib kelgan.
Davlat tashkilotlari rahbarlari oʻzlariga asossiz ravishda mukofotlar va boshqa moddiy ragʻbatlantirish pullarini yozib kelayotgani bilan bogʻliq holatlar tekshiriladi va mablagʻlarning byudjetga qaytarilishi taʼminlanadi.
Umuman, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.
Inspeksiya faqat kamchilik aniqlaydigan idoraga aylanib qolgani, profilaktika bilan esa ishi yoʻqligi, tizimida korrupsiya ulushi yuqoriligi tanqid qilindi.
Byudjet mablagʻini taqsimlash ham, uni nazorat qilish ham bitta vazirlikda boʻlishi notoʻgʻri ekani taʼkidlandi.
Shu bois Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi ham Bosh prokuratura Departamentiga oʻtkaziladi.
Shu bilan birga Hisob palatasi xodimlari byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan 12 ta vazirlikka biriktiriladi. Vazirliklarning har bir xarajati ular bilan kelishilgandan keyin amalga oshirilishi belgilandi.
Umuman, Departament va Hisob palatasi birgalikda ishlab, yashirin iqtisodiyotni jilovlash va byudjet mablagʻlarini toʻgʻri sarflanishi uchun javobgar boʻladi.