“Ochiq muloqot” - bu Oʻzbekistonning har bir tadbirkoriga oʻz faoliyatida duch kelayotgan muammolarni hal etish va u yoki bu sohani, hamda umuman mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish uchun imkoniyatdir. Murojaat va takliflar tinglanadi va markazlashtirilgan kompleks qarorlar qabul qilishda hisobga olinadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Ochiq muloqot”ga tayyorgarlik koʻrish doirasida bir qator ishlar olib borildi.

Tadbirkorlarning murojaatlari va takliflarini jamlash uchun Respublika shtabi va Koll-markaz tashkil etildi. Hammasi boʻlib, Shtab faoliyati davomida individual va tizimli xarakterdagi 12 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushdi. Har bir murojaat tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida oʻrganildi, natijada muammoli masalalarning qariyb 75 foizi hal qilindi. Qolgan masalalar boʻyicha masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi, ularning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatildi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan “Ochiq muloqot” arafasida vazirlik rahbariyati tomonidan tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri uchrashuvlar oʻtkazish, ularning muammolarini hal etishga koʻmaklashish, sanoat salohiyatini oʻrganish va foydalanilmagan resurslar va imkoniyatlarni ishga solish asosida hududlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida viloyatlarga bir qator xizmat safarlar tashkil etildi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida mamlakatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar va ishbilarmonlar uchun sharoit yaratishga bagʻishlangan “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” Forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirkorlarning murojaatlarining tahlili asosida eng dolzarb masalalar aniqlandi va Forumning panel munozaralari alohida mavzularga bagʻishlandi. Tadbir onlayn tarzda oʻtkazilib, Oʻzbekistonning barcha sohalaridagi tadbirkorlarning unda ishtirok etishiga imkon yaratildi.

Ayni paytda poytaxt Kongress markazida mamlakat rahbari ishtirokida Prezidentimizning tadbirkorlar kuni munosabati bilan imzolangan tegishli qaroriga muvofiq mamlakatimiz tadbirkorlari guruhiga yuqori davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.