Jamiyatni qonunlar tartibga solib turadi va adolat oʻrnatadi. Qonun ustuvor yurt hamisha taraqqiyot bosqichlarida rivojlanib boraveradi. Zero, har jihatdan pishiq, puxta tayyorlangan qonunlarda hayotiy va xalqchil tamoyillar ustuvor ahamiyat kasb etsa, uni amaliyotga tatbiq etish ham samarali boʻladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan ishchi guruh yigʻilishi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlandi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Tegishli soha vakillari, deputatlar, ekspertlar, bir qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilinib, uni maromiga yetkazish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha koʻplab takliflar berildi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjatda davlat mulkiga egalik qilish, boshqarish sohasida ilgʻor xorijiy tajriba va amaliyotga tayangan holda yaxlit, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yagona normalar nazarda tutilmoqda. Shuningdek, davlat mulkiga egalik qilishning aniq mezonlarini belgilash maqsadida loyihada davlat mulkiga egalik qilishni asoslash prinsiplari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishning asosiy yoʻnalishlari, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini baholashni joriy qilish hamda davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va maʼlumotlarni oshkor qilish talablari oʻz aksini topayotir.

Yigʻilishda ishchi guruhga ekspertlar, olimlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasini maromiga yetkazish topshirildi.