Unda senatorlar, ekspertlar guruhi aʼzolari hamda tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan mazkur Qonunning bugungi kundagi ahamiyati dolzarb ekanligi qayd etildi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda davlat mulkini boshqarish boʻyicha yagona Qonun mavjud emas. Soha bir qancha qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinib, amaliyotda turli xil noaniqliklarni keltirib chiqaryapti. Shu oʻrinda xorij tajribasiga qaraydigan boʻlsak, Fransiya, Finlyandiya, Irlandiya, Vengriya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Filippin, Gruziya, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda davlat mulki va uni boshqarish bilan bogʻliq munosabatlar tegishli yagona qonunlar bilan tartibga solinadi.
Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish, yaʼni aynan qaysi mulklarni davlatda saqlab qolish, qaysilarini xususiylashtirish boʻyicha aniq mezonlar mavjud emas. Ushbu mezonlarning boʻlmaganligi sababli iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yuqoriligicha qolyapti. Ayrim sohalarda tadbirkorlik subyektlari orasida raqobat muhiti rivojlangan boʻlsada, asossiz ravishda davlat ishtirokida korxonalarni tashkil etish amaliyotda hali ham amaliyotda uchrab turibdi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar turli xil davlat tashkilotlari va nazorat qiluvchi funksiyalarga ega organlar tomonidan boshqarilyapti. Bu esa ushbu sohada davlat siyosatini bir xilda yuritish imkoniyatini cheklayapti.
Bundan tashqari, davlat mulkini boshqarish samaradorligi va ularni saqlash xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish talabi qonun hujjatlari bilan belgilanmagan.
Shu bois yangi Qonunda davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va maʼlumotlarni oshkor qilish talablari belgilanadi.
Bundan tashqari, davlat mulklari respublika mulki va munitsipal mulk turlariga ajratiladi. Fuqarolik kodeksida belgilangan mol-mulklardan tashqari respublika mulkida yoki munitsipal mulkda boʻlishi mumkin boʻlgan davlat mulklari belgilanadi.
Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga munitsipal mulklarni belgilangan mezonlar doirasida sotish, ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish vakolati qonun bilan belgilab beriladi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga hamda bu sohada davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini va vakolatlarini aniq belgilash, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlis yakunida ekspertlarning ushbu Qonun boʻyicha tavsiyalari tayyorlanib, Sud-huquq masalalar va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.