Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida:

  • ijara shartnomasi tuzilgan kundan ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara toʻlovlari 1 oy davomida toʻlangan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi;
  • 6 oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan obyektlarning boshlangʻich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlangʻich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda 1 ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, oʻtkazilgan deb hisoblanadi.

2025-yil 1-iyuldan Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalariga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar koʻchmas mulk obyektlarini sotish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi.

Tadbirkorlarni (jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarni) tugatish toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xabardor qilingan sanadan ularning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻxtatiladi hamda yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, shuningdek, barcha turdagi soliq va yigʻimlar boʻyicha penyalarni hisoblab yozish, dividendlar hisoblash taqiqlanadi.

2025-yil 1-oktyabrdan egasiz koʻchmas mulk obyektlarini davlat mulki obyekti sifatida davlat roʻyxatiga olish boʻyicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.