Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni taʼminlovchi, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarni, ularning malakasini oshirishga boʻlgan talablar yuzasidan samarali mexanizmlar sohaga tadbiq etilyapti.
Tadbirda qayd etilganidek, davlat fuqarolik xizmati masalalari boʻyicha vakolatli organ — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar siyosatini olib borishga, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ular tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari oʻz vaqtida egallanishiga yoʻl ochilmoqda.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga inson resurslarini boshqarish va kadrlar salohiyati darajasini oshirish milliy axborot tizimini rivojlantirish va takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shu maqsadda Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi hamda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishga tushirildi va tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona elektron bazasi — Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy apparat kompleksiga integratsiya qilindi.
Bugungi kunda Portalga 70 dan ortiq vazirlik va idoralar, shu jumladan, ularning hududiy boʻlinmalari, tizim tashkilotlari (jami 14 mingdan ziyod), barcha hokimliklar ulangan boʻlib, 220 mingdan ortiq fuqaro elektron shakldagi oʻz rezyumesini shakllantirgan. Oʻtgan davr mobaynida davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud vakant lavozimlar boʻyicha 75 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilinib, vakant lavozimlar uchun tanlovlarda jami 900 mingga yaqin nomzod ishtirok etgan.
Shuningdek, davlat xizmatchilarining bilim va malakasini oshirib borish maqsadida Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi tarkibida xodimlarni masofaviy oʻqitish boʻyicha ilm.argos.uz platformasi, xodimlarning bilim salohiyatini avtomatik aniqlash imkonini beruvchi test.argos.uz platformasi joriy etilgan.
– Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 11-mayda imzolangan “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda 2023-yil 1-yanvarga qadar davlat boshqaruvi organlarida kadrlar bilan ishlash yoʻnalishidagi avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi belgilandi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorirning birinchi oʻrinbosari Otabek Hasanov. – Yaʼni, endilikda Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy apparat kompleksiga kiritilayotgan maʼlumotlar toʻliqligini taʼminlash, vakant lavozimlarni eʼlon qilishdan tortib, tanlov oʻtkazish va ishga qabul qilish natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha boʻlgan jarayonlarni toʻliq elektron tarzda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali amalga oshirishga qatʼiy rioya etish talab etiladi. Shu bilan birga kadrlarni boshqarish, baholash, masofaviy oʻqitish va rivojlantirish jarayonlarini davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi tarkibidagi platformalari yanada takomillashtiriladi.
Muloqotda davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishning yagona tizimi — hrm.argos.uz platformasi taqdimoti oʻtkazildi. Qayd etish joiz, mazkur platforma davlat boshqaruvi organlarida kadrlar bilan ishlash yoʻnalishidagi ish faoliyatini toʻliq raqamlashtirish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamkorligida ishlab chiqildi.
Shuningdek, doimiy ravishda kadrlar boʻlinmalari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etilib, uning yakunida davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarini monitoring va tahlil qilish hamda ushbu sohadagi muammolar va tahdidlarning oldini olish, ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi.
Bu esa davlat fuqarolik xizmatining oʻsish nuqtalarini belgilash, sohani yanada rivojlantirish hamda sifat koʻrsatkichlarining oshishiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.











