Davlat rahbari oldida “Zakovat”da qatnashish hayajonli boʻldi

    “Zakovat” intellektual oʻyinining final bahsida Xorazm viloyatining “Xiva Prezident maktabi” jamoasi gʻalaba qozondi. Shuningdek, ushbu jamoa sardori boʻlgan Xiva shahridagi Prezident maktabining informatika fani oʻqituvchisi Azamat Matkarimov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Farmoniga koʻra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Azamat Matkarimov bilan tashkil etilgan intervyuda jarayonlar va uning taassurotlari bilan tanishishingiz mumkin.

    “Zakovat” intelektual oʻyini siz uchun yangilikmi yoki oldindan ishtirok etganmisiz?

    — Ilk “Zakovat” intelektual oʻyinida qatnashganimga deyarli 13 yil boʻldi va bu yillar menga katta tajriba toʻplashda yordam berdi, deyishim mumkin. Bundan tashqari, Xiva shahridagi Prezident maktabida informatika fani oʻqituvchisi sifatida faoliyatimni boshlaganimga bir yarim yil boʻldi. Maktab oʻquvchilari juda iqtidorli, bunday oʻquvchilarga dars berish ustozlardan alohida bilim va tajriba talab etadi. Oʻquvchilarning bilimini oshirish, ularni fikrlashga oʻrgatish maqsadida maktabda doimiy tarzda “Zakovat” oʻyinlari oʻtkazib turamiz. Ushbu oʻyinlardagi savollarni tuzish uchun ham oʻnlab kitoblarni koʻrib chiqish, bir nechta savollar ichidan eng yaxshilarini tanlashimga toʻgʻri keladi. Bu oʻz-oʻzidan menga ham tajriba olib keladi. Umuman olganda, Prezident maktabidagi oʻqitish tizimi nafaqat maktab oʻquvchilarini, balki oʻqituvchilarining ham oʻz ustida ishlab, kengroq tajriba oshirishlariga yordam beradi.

    — “Xiva Prezident maktabi jamoasi tarkibini tuzishda nimalarga eʼtibor berildi?

    — Biz mazkur jamoa bilan 2015-yildan buyon birga ishlab kelmoqdamiz. Ayni shu yildan buyon oliy liga oʻyinlarida qatnashib kelganmiz va 2017-yilda gʻoliblikni qoʻlga kiritganmiz. Jamoa bilan doimiy tarzda intellektual oʻyinlarda birgalikda qatnashib kelganmiz. Oldindan tajribaga ega jamoadoshlar bilan bir maqsad uchun kurashganimiz ushbu “Zakovat” intelektual oʻyinidagi gʻolibligimizga turtki boʻldi, deb oʻylayman.

    Gʻoliblikkacha boʻlgan jarayonda eng qiyin jihat nimada boʻldi?

    — Bilasizmi, gʻalaba bu “Iceberg” kabi, yaʼni bizga faqat uning ustki qismi koʻrinadi, mashaqqati esa ostida. Bizning ham bu gʻalabagacha kelishimiz oson boʻlmadi. Finalgacha boʻlgan oʻyinda bizdan savolning javobini toʻgʻri topish bilan bir qatorda ishtirokchi jamoalar ichida javob tugmasini birinchilardan boʻlib bosish, yaʼni tez javob berish talab etilardi. Shu tomoni biz uchun qiyinchilik tugʻdirib, oldingi bosqichlarda jamoamiz soʻnggi oʻrinlarda boʻlib kelayotgandi. Bu esa final uchun bizning yanada kuchliroq tayyorlanishimizni talab qilgan jihat boʻldi.

    Davlat rahbari oldida intellyektual ringda qatnashish oson boʻlmagandir?

    — Toʻgʻrisini aytganda, bu barcha ishtirokchi jamoalar uchun hayajonli boʻldi, deb oʻylayman. Prezidentimizning oʻzlari kuzatib turgan bu oʻyin bizni yanada masʼuliyatli boʻlishga va ikki hissa ehtiyotkorlikni oshirib, fikrni gʻalabaga jamlashimizga undadi. Final biz uchun kutilmagan hayajon va natijaga boy boʻldi. Oʻyin boshlanishidan oldin biz gʻolib jamoaning avtomashina bilan taqdirlanishini bilardik. Ammo “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishimiz bizning hatto tasavvurimizga ham sigʻmasdi. Buning hayajoni haligacha davom etmoqda va Prezident maktablariga bildirilgan ishonchni maʼlum bir maʼnoda oqlay olganimizdan xursandman.