Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi

    Hukumat 3 Fevral 2023 6509

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasini borib ko‘rdi.

    Bu majmua 2021-yil foydalanishga topshirilgan edi. Bugungi kunda 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmog‘iga ulangan. Bu orqali xorijiy adabiyotlardan ham erkin va bepul foydalanishi mumkin.

    Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Barcha jarayonlar elektron tarzda bajariladi.

    Birinchi qavatda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ko‘zi ojiz insonlarga mo‘ljallangan alohida o‘qish zali tashkil etilgan. Kichkintoylarning ijodiy tasavvurlarini boyitadigan jihozlar qo‘yilgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda umumiy o‘quv zallari, yerto‘lada arxiv joylashgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar axborot texnologiyalarini o‘rganishi mumkin.

    Davlatimiz rahbari shu yerda namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi.

    - Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, san’at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda. Bularni eshitib, ko‘rib, xursand bo‘laman. Yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar tashkil qilishni o‘ylayman, - dedi Prezident.

    Viloyatda yigit-qizlar uchun ko‘p dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 140 milliard so‘m mablag‘ berilib, 6 mingdan ziyod yosh o‘z yo‘lini topdi.

    Shuningdek, 2,5 ming gektar ekin maydonlarini ajratish natijasida 20 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. Sharoiti og‘ir qariyb 5 ming yoshga kontrakt pullari to‘lab berildi.

    Muloqotda bu imkoniyatlarni davom ettirishga qaratilgan loyihalar va tashabbuslar haqida so‘z bordi.

    - Xabaringiz bor, bu yilni yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildik. Maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb o‘rganish talabini qo‘yyapmiz. Mana bunday ziyo maskanlari, sport majmualari qurilyapti. Bularning hammasi birlashib, hayot maktabiga aylanishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

    Shu bois bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturi amalga oshiriladi. Bu borada Namangan viloyati tajribasi yaratiladi.

    Ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev vodiy viloyatlariga uch kunlik safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.