Davlat rahbarlari Qoʻshma bayonot imzoladilar va muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar

    Hukumat 10 Iyun 2021 4750

    Muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Qoʻshma bayonot imzoladilar. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qoʻyilgan hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

    Davlat rahbarlari huzurida tashrif doirasida imzolangan Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, togʻ-kon sanoatida hamkorlik toʻgʻrisida, Zarafshan daryosida GES qurish loyihasi boʻyicha qoʻshma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish toʻgʻrisida, Yuklar tranziti toʻgʻrisidagi bitimlar, shuningdek, Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini oʻzaro taqdim etish toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartirishlar kiritish, Fuqarolarning oʻzaro qatnovlari toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomalar, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari oʻrtasidagi hamkorlik Dasturi va qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” almashildi.

    Umuman, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, togʻ-kon va yengil sanoat, fan, taʼlim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolandi.

    Ushbu salmoqli hujjatlar toʻplami birodar mamlakat va xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni yana-da, har tomonlama rivojlantirish, koʻp qirrali sheriklikni chuqurlashtirish yoʻlida yangi natijalarga erishish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

    Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralar har doimgidek ochiq, ishonchli va doʻstona ruhda oʻtganini taʼkidladilar.

    - Biz mushtarak tarix va madaniyat, din, maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalar bilan chambarchas bogʻlangan xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligini juda qadrlaymiz.

    Shu yerda oʻtirgan ommaviy axborot vositalari vakillari va delegatsiyalar aʼzolari keyingi bir necha yilda Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlari taraqqiyotida roʻy bergan ulkan oʻzgarishlar guvohidir.

    Tojikiston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash – Oʻzbekiston tashqi siyosatining bosh va oʻzgarmas ustuvor yoʻnalishi, - dedi davlatimiz rahbari. – Biz koʻp qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishning barcha masalalarini diqqat bilan koʻrib chiqdik. Shuni qayd etmoqchiman: hech bir yoʻnalish eʼtibordan chetda qolmadi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar yangi oʻsish nuqtalarini belgilab oldilar, kelgusi yilda tovar ayirboshlashni ikki barobar oshirishni maqsad qilib belgiladilar. Yetakchilar ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlarini maksimal darajada ishga tushirish, ularni tumanlar darajasida “bogʻlash”ga kelishib oldilar.

    Davlat rahbarlari tashrif arafasida oʻtkazilgan Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishining samarali yakunlarini, shuningdek, tashrif doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan shartnomalar va investitsiya kelishuvlarlari imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Oʻzbekiston va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda yetakchilar temir yoʻl, avtomobil va havo transportida tashishlarni koʻpaytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit yaratish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.

    Prezident Emomali Rahmon, oʻz navbatida, agrar tarmoq, yengil, oziq-ovqat va togʻ-kon sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish tovar ayirboshlashning koʻpayishi va yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga xizmat qilishini qayd etdi. U taʼlim va tibbiyot sohalarida, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashishda sheriklik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Bundan tashqari, Prezidentlar madaniyat, fan, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

    - Biz mamlakatlarimizda barpo etilgan hamda bugun mustahkamlanib borayotgan doʻstlik va sheriklikning yangi ramzlariga aylangan tibbiyot markazi va oʻquv muassasasi faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Bu masalalarning barchasi ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning bevosita nazoratida boʻlishi qayd etildi.

    Prezidentimiz Tojikiston rahbarining 2025-yilni Xalqaro muzliklarni muhofaza qilish yili va maxsus Muzliklarni asrash xalqaro fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbuslarini Oʻzbekiston toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

    - Bugungi muzokaralar koʻp asrlik doʻstlik, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida niyatimiz jiddiy va qatʼiy ekanini yana bir bor namoyish etdi, - dedi soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev. – Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi hamkorlikda ikki birodar xalqlarning ravnaqi yoʻlida aniq, sezilarli natijalarga erishishga qaratilgan.