Kadastr agentligi va uning tizim tashkilotlari tomonidan 2022 yilning 1-yarim yilligida geodeziya va kartografiya sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Davlat geodeziya tarmog'i punktlarining joyida saqlanib qolganini tekshirish maqsadida Kadastr agentligining Respublika aerogeodeziya markazi va uning hududiy bo'linmalari tomonidan 2022 yilning 1-yarim yilligida 1 238 ta punktning xolati tekshirildi. Bundan tashqari, Respublika xududida 193 ta yuqori aniqlikdagi sun'iy yo'ldosh geodeziya tarmoq punktlari o'rnatilgan bo'lib, shundan 50 tasida doimiy ishlab turuvchi GNSS stantsiyalari o'rnatildi.
Davlat balandlik tarmog'ini yaratish maqsadida 2022 yilda Navoiy va Samarqand viloyatlarida 89,1 km uzunlikda 1-sinf nivelirlash ishlari olib borildi va 593 ta nivelir belgilarining koordinatalari aniqlandi.
Kartografiya yo'nalishida Respublikamiz hududidagi 143 ta tumanning 1:10 000 masshtabdagi 5 531 ta qishloq xo'jalik xaritalari va Respublika hududining 1:25 000 masshtabdagi 4 534 ta topografik xaritalari raqamlashtirildi. SHundan, 597 ta qishloq xo'jaligi xaritalari va 699 ta topografik xaritalar yangilandi. SHu bilan birga, Kadastr agentligining Kartografiya davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi tomonidan raqamli interaktiv xaritalar yaratilib, 1:25 000 masshtabdagi raqamli topografik xaritalar (16 477,6 kv.km) 264 ta varaqda nashr qilindi.
Kosmik va aerosuratlardan foydalanish sohasida Kadastr agentligi tomonidan 2022 yilda 1-yarim yilligida 62 310 kv.km maydonda aerosuratga olish ishlari bajarildi. Ushbu aerosuratlar asosida 591 ta ortofotoplanlar yaratildi. SHu bilan birga, kosmik suratlardan foydalanib respublika xududining sug'oriladigan erlari va aholi punktlari uchun 1:10 000 masshtabdagi 5 646 ta va tog', tog'oldi va cho'l xududlari uchun 1:25 000 masshtabdagi 3 565 ta, jami 9 211 ta ortofotoplanlar yaratildi.
Toponimika sohasida Kadastr agentligi Geografik ob'ektlarga nom berish va ularni qayta nomlash to'g'risidagi takliflarni ekspertizadan o'tkazish, geografik ob'ektlarning nomlari davlat reestrini yuritish ishlarini amalga oshirilmoqda. 2022 yil 1-yarim yilligida Kadastr agentligiga 13 067 ta nom ekspertizadan o'tkazish uchun taqdim etildi. Ushbu takliflar Kadastr agentligigning ekspert komissiyasi tomonidan o'rganib chiqilib, 11 917 ta nom bo'yicha qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosalar berildi, 1 150 ta nom qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, qayta ko'rib chiqish uchun hududiy komissiyalarga qaytarildi. Bundan tashqari, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo'lgan 13 011 ta nom belgilangan tartibda Davlat reestri bazasiga kiritildi. Hozirgi kunda Davlat reestri bazasida 136 279 ta geografik ob'ektlarning nomlari jamlangan. SHularning 2 886 tasi ma'muriy-hududiy birliklar (viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul) nomlari, 125 161 tasi aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari (mahalla, ko'cha, maydon, xiyobon, qabriston va ziyoratgoh kabilar) nomlari, 2 442 tasi transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob'ektlari (temir yo'l stantsiyasi, avtostantsiya, vokzal, aeroport, ko'prik, suv ombori, quduq, kanal, foydali qazilma koni, nasos stantsiyasi kabilar) nomlari, 5 790 tasi tabiiy ob'ektlar (daryo, ko'l, soy, buloq, tog', g'or, sharshara, cho'l, vodiy, dara, adir, ariq, hovuz, jarlik, qirlik, qoya, tepalik kabilar) nomlaridir.