Misol uchun, 100 million soʻmlik bitta hisobvaraq – faktura bilan “naqdlashtiruvchi korxonalar” noqonuniy ravishda 15 mln.soʻm pul ishlaydi. Vaholanki, vijdonli tadbirkor bunday daromad olish uchun bir oy yoki undan ham koʻproq vaqt mehnat qilishi kerak.

Bundan tashqari, soxta hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar) roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng, QQS toʻlovchilari hisobot davri natijalariga koʻra hisobvaraq-fakturalarda koʻrsatilgan QQS miqdorlarini hisobga olish orqali toʻlanadigan soliq miqdorini kamaytiradilar va buning natijasida davlat byudjetiga zarar yetkazadilar.

“Bir kunlik firma”larning faoliyati noqonuniy boʻlishiga qaramay, yaqin vaqtgacha ular bilan kurashishning samarali mexanizmi mavjud emas edi.

Xorij tajribasini hisobga olgan holda, Davlat soliq qoʻmitasi davlat byudjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida “naqdlashtiruvchi korxonalar” faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etmoqda.

Xususan, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq toʻlash maqsadida, pul mablagʻlarini naqdlashtirish bilan shugʻullanuvchi 396 ta “bir kunlik firmalar” xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar roʻyxati shakllantirildi.

Byudjetga toʻlanmagan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini oʻrnini qoplash maqsadida, 396 ta “shubhali” korxonalar va ularning deyarli 10 mingga yaqin biznes hamkorlarining shaxsiy kabinetlariga 5 kun muddatda inkasso topshiriqnomalari qoʻyilishi boʻyicha xabarnomalar yuborilgan.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Kudbiyev rahbarligida oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishda “naqdlashtiruvchi firma” va korxonalarni aniqlash mexanizmini joriy etish masalasi muhokama qilindi va quyidagilar qabul qilindi:

1. Yangi mexanizmga oʻtish davrini hisobga olgan holda, istisno tariqasida, 17-fevral ertalab soat 10:00 dan oldin “bir kunlik” firmalar bilan shubhali opreatsiyalarni amalga oshiriganligi xavfi nisbatan kam boʻlgan 2960 tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlariga joylashtirilgan inkasso topshiriqlari 2021-yil 1-martgacha vaqtinchalik bekor qilindi;

2. Reyestrga kiritilgan shubhali korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bitimlarni oʻrganib chiqish uchun kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha Davlat soliq qoʻmitasiga murojaat qilish imkoniyati berildi. Ijobiy xulosa qilingan taqdirda, inkasso topshiriqnomalarini bekor qilish va ilgari kamaytirib koʻrsatilganligi uchun undirilgan mablagʻlarni qaytarib berilishi taʼminlanadi.

3. “naqdlashtiruvchi firma ”larni aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmni aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tushuntirish ishlarni qoniqarsiz olib borganligi, shuningdek soliq toʻlovchilar bilan yetarli darajada ishni tashkil etmaganligi uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, Toshkent shahar DSB Kameral nazorat va QQS maʼmurchiligi boʻlimlari hamda DSQ Matbuot xizmati boshliqlariga xayfsan berildi.

Maʼlumot sifatida, shuni maʼlum qilamizki, 2021-yil 16-fevralda Davlat soliq qoʻmitasiga ariza yuborgan 57 ta korxonada oʻtkazilgan soliq nazorati tadbirlarining dastlabki natijalariga koʻra quyidagilar aniqlandi:

- 52 ta korxona yoki 91,3% hollarda “uydirma” operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;

- 1 ta korxona uchun yoki 1,7% hollarda “xayoliy” operatsiyalarni amalga oshirish holati tasdiqlanmadi, shu sababli ortiqcha olingan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha tazkor jarayonlar boshlandi;

- 4 ta tashkilotda yoki 7% holatlarda noqonuniy hisobga olish qisman tasdiqlangan.

Shuningdek, birgina Toshkent shahrida 74 korxona noqonuniy hisobga olganligini tan olib ixtiyoriy ravishda 4,6 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ boʻyicha qayta hisob kitobni amalga oshirdi.

Qoʻshmimcha maʼlumotlar, shuningdek “naqdlashtiruvchi firma”lar va ularning mijozlarini aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan mexanizm prinspilari boʻyicha maʼlumotlar olish uchun DSQ Call –markazining 1198 qisqa raqamlari doimiy ishlab turibdi.

DSQ Matbuot xizmati