Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hamkorlikda tashkil etgan konferensiyada Sirdaryo viloyat, tuman hokimliklari, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakillari va tibbiyot muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan tajriba-sinov xulosalari, xalqaro tajriba va kutilayotgan natijalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va boshqarishni baholash hamda Sirdaryo viloyatida erishilgan yutuqlar keng muhokama qilinadi.

Qayd etish kerakki, Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli — davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi bilan bogʻliq tajriba-sinov ishlari 2021-yilning 1-iyuldan joriy etilgan.

Bunda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Inson manfaatlari ulugʻlanadigan yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotda eng avvalo aholi ehtiyojlari hisobga olinadi. Xorijlik ekspertlar ham aynan aholining tibbiy xizmatlardan foydalanishda nimalarga ehtiyoji borligini va ana shu talabning ijobiy hal qilish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida kelgan edi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishda birlamchi tibbiy muassasasiga eʼtibor qaratilgan boʻlib, eng birinchi oʻzgarish-oilaviy poliklinikalarda tibbiy brigadalar tashkil etishda koʻrindi.

Konferensiya jarayonida ekspertlar Guliston shahridagi 3, 4 oilaviy poliklinikalarda, Yangiyer shahar va Boyovut tumanidagi tibbiyot birlashmalarida boʻlib, tibbiy brigadalarning vakillari bilan suhbatlashdi.

Ular viloyatda joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlaridan aholi qanchalik mamnun, tibbiy xodimlarning oʻzlari bu yangiliklardan qanchalik xabardor, samardorlikni yanada oshirish jaryonida qanday toʻsiqlar boʻlayotgani bilan qiziqishdi.

— Biz tibbiy brigadalar faoliyati bilan qiziqqanimizda ularning mahallalar bilan hamkorlik qilayotgani, har bir mijozga tibbiy xizmat koʻrsatishda uning ehtiyojlari hisobga olinganiga guvoh boʻldik, — deydi ekspert Arnoldas Yurgutis. — Brigadalarda har bir bemor uchun induvidal reja ishlab chiqilgani tibbiy xizmatlar samaradorligini yanada oshiradi. Bajarilgan har bir ishning samaradorligini baholash kerak. Buning esa oʻziga xos koʻrsatkichlari boʻladi. Ana shu baholash koʻrsatkichlarini yanada mukammal ishlab chiqish borasida takliflar berdik.

Konferensiyada tajriba-sinov loyihasida erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar keng muhokama qilindi. JSST ekspertlari Sirdaryo tajribasining oilaviy shifokor va hamshiralar koʻrsatayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish, axborotlashtirish va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish yuzasidan tavsiyalar berishdi.