Davlat va jamiyat boshqaruvida etakchi ayollarning o'rni

    Mamlakatimiz xotin-qizlarni kamsitishning har qanday shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo'shilgan.

    2021- yil 23- noyabr` kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligida O'zbekiston etakchi ayollari va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi ijrochi direktori G.Vali ishtirokida “Davlat va jamiyat boshqaruvida etakchi ayollarning o'rni” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbirda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muxofaza qiluvchi idoralar mas'ullari, mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, shuningdek, BMT vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali tabrik so'zi bilan ochdi.

    Senat Raisi O'zbekistonda xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi rolini kuchaytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tilga olib, mamlakatimiz xotin-qizlarni kamsitishning har qanday shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo'shilganini, O'zbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinganini ta'kidladi.

    BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi ijrochi direktori G.Vali O'zbekistonda bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining 2021–2025-yillarga mo'ljallangan strategiyasiga hamda Gender tenglikni ta'minlash va xotin-qizlar huquqlari, hamda imkoniyatlarini kengaytirish strategiyasiga muvofiq mazkur BMT Boshqarmasi tomonidan a'zo davlatlarga ko'rsatilayotgan normativ, texnik va tahliliy ko'mak ham xotin-qizlarning manfaatlariga qaratilganligini ta'kidladi.

    Tadbir davomida BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi talablari bajarilishini targ'ib qilishda xotin-qizlar huquqlarini kengaytirishda parlamentning o'rni, shuningdek, ularni himoya qilish, huquq va imkoniyatlarini yaxshilash, xavfsizligini ta'minlash, sog'lig'ini saqlash va iqtisodiy holatini o'zgartirish bo'yicha samarali strategiyalar, gender jihatlari bo'yicha yondashuvlar va echimlar ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

    Shuningdek, gender tenglik, uyushgan jinoyatchilik, korruptsiya va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlar, bu borada O'zbekistondagi barcha hokimiyat tuzilmalaridagi etakchi ayollarga ko'maklashish yuzasidan fikr va tajriba almashildi.

    Bundan tashqari, so'zga chiqqanlar amaldagi hamkorlik dasturlari hamda narkotik moddalar, jinoyatchilik, terrorizm va korruptsiyaga qarshi kurashish muammolarini hal qilishga jalb qilingan davlat organlarida xotin-qizlar vakillarini ko'paytirish bo'yicha O'zbekistonning yangi strategiyasiga gender masalalar kiritilganligini qayd etdi.

    Munozaralarda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, uyushgan jinoyatchilik, korruptsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo'yicha umumiy maqsadlarga erishish uchun hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari belgilab olindi.

    O'zbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    axborot xizmati.