Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlar uchun jarima joriy qilindi

    Mamlakatimizda 15 Yanvar 2021 1737

    Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi.

    Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikka oid yangi modda bilan toʻldirildi.

    Kiritilgan qoʻshimchaga binoan, davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chogʻida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama oʻtkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Shuningdek, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tender oʻtkazish yoʻli bilan aniqlash talablarini buzish, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni yetkazib beruvchini, ish beruvchini va xizmat koʻrsatuvchini raqobatli xarid usuli vositasida aniqlash belgilangan hollarda, davlat xaridlarini yagona yetkazib beruvchidan yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Davlat xaridlari jarayonidagi affillangan va manfaatlar toʻqnashuvi haqida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda, davlat xaridlari boʻyicha takliflarni qabul qilmaslik yoki takliflarni taqdim etish muddatlarini davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga zid ravishda qisqartirish, shuningdek takliflar solingan konvertlarni ochish va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.