Unda tanlov va tender savdolarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilgan. Jumladan, xaridlarda savdo gʻoliblarini tanlash va qarorlarni qabul qilish mezonlarini hamda ishtirok etish shartlarini belgilash shartlari oldindan ochiq eʼlon qilinishi belgilandi.
Eng yaxshi takliflarni tanlash, tender jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazish korrupsiyaning oldini olib, inson omilini kamaytiradi hamda ushbu jarayonlarni monitoring qilishni osonlashtiradi.
Endilikda, davlat xaridlari jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
● davlat xaridlarini rejalashtirish;
● xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
● shartnomani tuzish va bajarish;
● davlat xaridlari monitoringi.
Davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan cheklovlar, yaʼni ishtirokchilarning yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash boʻyicha qaror qabul qilish huquqiga ega boʻlgan taqdirda ishtirokchini davlat xaridlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi aks ettirilgan va davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning matniga ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritishga taqiq qoʻyilgan.
Davlat xaridlari doirasida tuzilgan barcha shartnomalar toʻgʻrisida maʼlumotlarni jamlash Yagona reyestr orqali amalga oshirilishi haqidagi tartibot belgilandi.
Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborot davlat xaridlarining elektron tizimida 3 ish kuni davomida joylashtirishi shart.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlari sohasida nazoratni amalga oshiradi.