Davlat xizmatchilari ham intellektual, ham jismonan sog'lom bo'lishlari kerak

    Haftada kamida bir marta ish vaqtidan so'ng rahbar va barcha xodimlarning yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish singari sport turlari bilan shug'ullanishi hamda ular o'rtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil etilishi belgilandi.

    Koronavirus pandemiyasi insonlarning hayot tarzi, mehnat faoliyati, barcha sohalardagi faolligi va imkoniyatlarining ham keskin o'zgarishi va cheklanishiga olib keldi. SHuningdek, ushbu virus infektsiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yo'llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolar sog'lig'iga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Kasallikning g'ayrioddiy kechishi uzoq muddatli reabilitatsiyani talab qildi va fuqarolarda immun taqchilligini yuzaga keltirdi.

    Aytish joizki, sinovli kunlarda xalqqa yordam qo'lini cho'zgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari orasida ham ushbu virusga chalinganlar soni kam bo'lmadi. Aksariyat davlat xizmatchilari mehnat faoliyatini masofaviy ish uslubi orqali davom ettirdi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 30 oktyabr` kuni “Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatga asosan 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so'ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug'ullanishi, rahbarlar shaxsiy na'munalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko'rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi, davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilinishi belgilandi.

    Ushbu farmon bilan o'z navbatida davlat xizmatchilari ham sog'lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirish zarur ekanligini yanada chuqurroq anglab etdilar.

    Shuningdek, mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentiligi hamda O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko'ra, davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etish va sog'lig'ini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, xodimlarning ish vaqti hisobidan har kuni badantarbiya bilan shug'ullanishlari uchun maxsus tanaffuslar belgilandi.

    Haftada kamida bir marta ish vaqtidan so'ng rahbar va barcha xodimlarning yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish singari sport turlari bilan shug'ullanishi hamda ular o'rtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil etilishi belgilandi.

    Kelgusida ommaviy sport turlari bo'yicha sport musobaqalarini tashkil etish, jumladan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o'rtasida Spartakiada o'yinlarini, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentiligi xodimlari o'rtasida ochiq chempionat (Agentlik kubogi) hamda boshqa tadbirlarni tashkil etish va o'tkazish rejalashtirildi.

    Xulosa sifatida aytadigan bo'lsak, o'tkazilayotgan bu kabi sport musobaqalari, xodimlar salomatligini mustahkamlash, ularning mehnat samaradorligini oshirish hamda idoralararo hamkorlikni nafaqat ish faoliyati bo'yicha, balki sport sohasida ham yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, davlat xizmatchilari nafaqat aqlan, balki qalban, fikran va jismonan ham sog'lom bo'lishi muhim.

    Feruza Jo'raeva,

    Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun
    shart-sharoitlar yaratish masalalari departamenti etakchi inspektori