Davlat xizmatchilarining eng kam yillik mehnat taʼtili 27 kunga uzaytirilishi mumkin

    Bu haqda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida belgilab qoʻyildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uch oʻqishda qabul qilinib, ayni damda Senatga joʻnatilgan kodeks matnida yillik mehnat taʼtili boʻyicha qator yangiliklar mavjud.

    Xususan, yangi kodeksda xodimlarga yillik asosiy mehnat taʼtilining eng kam muddati sifatida 21 kalendar kun koʻrsatilgan. Amaldagi kodeksda esa bu muddat kamida 15 ish kunini tashkil etadi.

    Shuningdek, yangi kodeksda davlat xizmatchilariga beriladigan yillik asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtilining aniq muddati belgilab qoʻyilmoqda. Yaʼni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmatchilariga davomiyligi 27 kalendar kun boʻlgan har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil berilishi mumkin. Amaldagi tartibga koʻra, 15 ish kunidan iborat taʼtil davlat xizmatchilariga ham tatbiq qilib kelingan va bu muddat jamoa shartnomasiga koʻra beriladigan qoʻshimcha taʼtil hisobiga uzaytirilishi mumkin boʻlgan. Kodeks ushbu koʻrinishda qabul qilinsa, davlat xizmatchilari uchun kamida 27 kunlik mehnat taʼtili kafolatlanadi.

    Loyihaga koʻra, davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun qonunlarda belgilangan yillik mehnat taʼtilining 27 kundan ham uzoqroq muddatlari oʻz kuchida qoldiriladi va 27 kunlik muddat ushbu uzaytirilgan taʼtillarga tatbiq etilmaydi.