Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligi oshiriladi

    2026-yil 1-yanvardan “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.

    Bu boʻyicha Prezidentning “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–243-son, 06.12.2025-y.) qabul qilindi.

    Maʼlumot uchun: Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan.

    Farmonga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi:

    • davlat organlari faoliyatining maqsadli koʻrsatkichlari va indikatorlari ularga qoʻyilgan vazifalar asosida Agentlik tomonidan shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

    Agentlik:

    • natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;
    • maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganligini “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi;
    • tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli koʻrsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
    • davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qoʻshimcha bosqichlarni joriy etadi.

    Farmonga koʻra, davlat organlarining vazifa va funksiyalari quyidagi 5 ta darajaga ajratiladi:

    • konstitutsiyaviy va milliy daraja;
    • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
    • hududiy daraja;
    • tuman (shahar) darajasi;
    • mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yigʻini darajasi.

    2026-yil 1-yanvardan “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi. Bunda:

    • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) boʻlinma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning oʻrinbosarlari har 5-yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;
    • rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali aniqlanadi;
    • rahbar yangi hududga oʻtishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati boʻyicha intensiv kursda oʻqitiladi;
    • rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.