Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat tashkiloti va mahalliy hokimiyat vakillari uchun davlat xizmatida halollikni taʼminlashga oid xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish boʻyicha turkum seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarning dastlabkisi “Davlat xizmatida halollikni taʼminlash: Buyuk Britaniya tajribasi” mavzusiga bagʻishlandi. Ushbu seminar Buyuk Britaniyaning Hukumatlararo hamkorlik xizmati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 60 dan ortiq davlat tashkiloti va mahalliy hokimliklar tuzilmasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga masʼul boʻlgan xodimlar ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: Hukumatlararo hamkorlik xizmati (HHX) Tashqi ishlar, hamdoʻstlik va taraqqiyot idorasining bir qismi boʻlib, u sheriklik aloqalari oʻrnatilgan chet davlatlar hukumatlariga, ular oʻz fuqarolariga yaxshiroq xizmatlar koʻrsatishida Buyuk Britaniya davlat xizmatlari tajribasiga tayanib maslahatlar berish orqali mamlakatlarning davlat xizmatlarini taqdim etishdagi salohiyatlarini oshirishga yordam beradi.
Seminarda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar toʻqnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda koʻmaklashish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Shu maqsadda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar ishtirokida sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, tashkiliy masalalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va albatta ushbu yoʻnalishda xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda xalqaro maʼruzachilar tomonidan Buyuk Britaniyaning sohaga oid qonunchiligi, amaliyoti, davlat xizmatida axloqiy xulq-atvorni qoʻllab-quvvatlash masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, “Konstitutsiyaviy islohot va boshqaruv toʻgʻrisida”gi, “Poraxoʻrlik toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi toʻgʻrisida”gi qonunlar, “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi kodeks, “Sovgʻalar va xarajatlar toʻgʻrisida”gi qoidalar, sobiq davlat xizmatchilari xususiy sektorga ishga oʻtishi yuzasidan Buyuk Britaniyaning amaliyoti, Buyuk Britaniya Parlamentiga aʼzolar tayinlash tajribasi qamrab olindi.
Taʼkidlanganidek, Buyuk Britaniyada davlat xizmatchilari amal qilishi lozim boʻlgan xulq-atvor standartlari “Davlat xizmati toʻgʻrisidagi kodeks” bilan tartibga solinadi. Kodeks qoidalariga amal qilinishida Davlat xizmatlari boʻyicha mustaqil komissiya tashkiloti alohida oʻringa ega. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning davlat xizmatlari bilan bogʻliq sovgʻalarni qabul qilish va davlat xizmatida ishlash paytida xarajatlarni talab qilish va olish huquqlarini tartibga soluvchi qoidalar ham kiritilgan. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada sobiq vazirlar, yuqori lavozimli va boshqa davlat xizmatchilari uchun yangi ish joylari toʻgʻrisida, ayniqsa, biznesga, xususiy sektorga oʻtish tartibi aniq qoidalar bilan belgilangan hamda Xususiy sektorga oʻtish boʻyicha maslahat qoʻmitasi ushbu jarayonga masʼul hisoblanadi.
Seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ham mazkur sohalarni tartibga soluvchi qonunchilik asoslari yaratish boʻyicha tegishli choralar koʻrilayotgani qayd etildi. Jumladan, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulkini deklaratsiya qilish va manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga manfaatlar toʻqnashuvi hamda sovgʻa masalalari boʻyicha tegishli takliflar kiritildi.
Shu bilan birga. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da ham sobiq davlat idorasi mansabdor shaxslarining faoliyati davomida boshqaruv va nazorat sohasida maʼlum bir faoliyat yuritmaslik talabini, xodimlarning kasbga oid fazilatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pogʻonalarida koʻtarilishning shaffof mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisidagi normalarni aks ettirish belgilangan.
Tadbir yakunida sohaga ushbu yoʻnalishni takomillashtirishda hamkorlik aloqalarini yana-da yaxshilash, qonunchilik normalarini takomillashtirishda ekspertlik koʻmagini koʻrsatish hamda davlat xizmatida halollik standartini joriy etishga qaratilgan seminarlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.
B.Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri