Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi tuman, shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan ortda qolgan 4 oy davomida 3130 ta sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, shulardan 86 ta tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Namangan tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari “Mahallabay”, “Xonadonbay” tushuntirish-targʻibot tadbirlarini amalga oshirish bilan birga, mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi murojaatlarini oʻrganib, tegishli tartibda hal etishga ham koʻmaklashmoqda.
Bu gal tumanning “Shoʻrqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini aholisiga sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatildi. Yaqinda mazkur mahallaga yangi suv tarmogʻi tortilib, aholini ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirilgani munosabati bilan ulardan murojaat kelib tushgandi. Markaz xodimlari fuqarolarning uzogʻini yaqin qilishdi.
Shu kuni “Suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish” va “Suvni hisobga olish priborini plombalash, suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnomani tuzish” davlat xizmati boʻyicha 40 nafar fuqaroga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Aholiga yengilliklar yaratish maqsadidagi bu kabi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida olib borilmoqda.
Orifjon Joʻrayev,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri