Afsuski, bizning mamlakatimizda ham buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlar soni ortib bormoqda. Xususan, 2019-yilda Respublikada buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar soni 3000 nafarga yaqinni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda bu raqamlar 15% ga oshgan. Demakki, bu sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishni taqozo etadi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, Gemodializ — buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan xasta insonlar uchun buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi boʻlib, u bemorning umrini uzaytirishga xizmat qiladi.

– Yurtimizda gemodializ xizmatlariga boʻlgan talabning yuqoriligini inobatga olib, tibbiyot sohasiga xususiy sektorni jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish Agentligi bosh mutaxassisi Sanjar Jumayev. – Bunga misol tariqasida 2021-yil yanvar oyida sogʻliqni saqlash vazirligi va Hindistonning Nephroplus kompaniyasi oʻrtasida Toshkent shahri, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy qiymati 9,8 million AQSH dollari boʻlgan, jami 1100 nafar bemorga gemodializ xizmatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilish boʻyicha bitim imzolandi. Ushbu davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun tender gʻolibi Nephroplus (Hindiston) kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida bittadan, Xorazm viloyatida ikkita yangi zamonaviy Gemodializ markazi xalqaro standartlarga mos ravishda qurilib 2022-yilning fevral oyida ishga tushiriladi. Markazlar Nephroplus kompaniyasi tomonidan 10 yil mobaynida davlat-xususiy sheriklik asosida boshqariladi. Shartnoma muddati tugaganidan keyin (10 yildan keyin) 4 ta Gemodializ markazi sogʻliqni saqlash vazirligiga barcha jihozlari bilan bepul topshiriladi.

Ushbu loyiha doirasida Gemodializ markazlariga 252 ta Germaniya va Yaponiyada ishlab chiqarilgan yangi dializ asbob-uskunalari oʻrnatiladi va 2022-yilning birinchi choragidan ish faoliyatini boshlaydi.

Mazkur Markazlarda Respublikada birinchi marotaba yangi texnologiyalar asosida bemorlarga peritoneal dializ xizmati koʻrsatiladi va barcha bemorlar bepul dori-darmonlar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, bir marotabalik dializatorlarni ishlatish orqali 1100 nafar bemorga yiliga 144 ta seansdan jami 158 400 ta seans dializ xizmatlari koʻrsatiladi.

Gemodializ markazlarida zamonaviy boshqaruv va informatsion texnologiyalar joriy etilib, elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyiladi va 200 nafar mahalliy kadrlar yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.

Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida Respublikada 1100 ta bemorga bir martalik dializator qoʻllagan holda gemodializ xizmati koʻrsatiladi. Har bir bemorga yiliga 144 seansdan kam boʻlmagan dializ oʻtkaziladi.

(Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda Toshkent shahri, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida dializ oluvchi bir bemorga bir yilda 100 dan 132 tagacha gemodializ seansi oʻtkazilmoqda).