Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda oʻzaro hamkorlikda katta yuksalishga erishilgani, barcha darajalardagi almashinuv va muloqotlar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Koreya kompaniyalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi.
Yurtimizda Koreya yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 4 ta filiali, mamlakatimiz hududlarida professional taʼlim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan koʻp yillar davomida samarali sheriklik qilib kelinayotgani, loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollarga yetganiga yuksak baho berildi.
Muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surishni nazarda tutadigan yangi uzoq muddatli Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu maʼnoda, Hukumatlararo komissiyaning boʻlajak yigʻilishini samarali qilib oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy, shu jumladan «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi« formatida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Koreya Prezidentini davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.









