Davlatimiz rahbari tizimdagi muammolarni sanab oʻtdi.

Kompleks rahbariyati soʻnggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida maʼlumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qoʻshilgan qiymatga, eksportga taʼsiri qanday boʻlgani boʻyicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.

Masalan, oʻtgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga oʻsdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek oʻsish boʻlmagani aytildi.

Hududlarda esa moliyalashtirish toʻliq yakunlangan 8 trillion soʻmlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.

Mamlakatimiz sertifikatlarini tan olish boʻyicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan.

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha boʻyicha kelishuv imzolanganiga 1-2-yil boʻlgan boʻlsada, oʻzlashtirish boshlanmagan.

Yoki, ikki yil oldin tashkil qilingan Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish boʻyicha rejalar toʻliq amalga oshirilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan kompleks uchun masʼul Bosh vazir oʻrinbosari J.Xodjayev chorak yakunigacha oʻzgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Oʻz tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari B.Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari D.Sattarov lavozimidan ozod qilindi.

Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust boʻlgan oʻrinbosarlari ishdan boʻshatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.