Eʼtirof etish joizki, mamlakat rahbari tomonidan bitiruvchilarga bunday murojaat ilk bor yoʻllanayotgani bilan ham tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidor va isteʼdodlarini yuzaga chiqarish maqsadida juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani hech birimizga sir emas. Xalq taʼlimi tizimida ham keyingi 4 yil ichida salmogʻi oʻn yilliklarga teng tub burilishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida umummilliy taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga kirishilgani tahsinga loyiq. Buni birgina Buxoro viloyati misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Bugun viloyatimizdagi mavjud maktablarning 11-sinfini 24 652 nafar oʻquvchi tamomlash arafasida turibdi. Mustaqil hayot sari uchirma boʻlayotgan bu oʻquvchilarning har birining oʻz tanlagan yoʻli bor. Oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, ularning 15699 nafari oliy oʻquv yurtlariga kirish istagini bildirgan. 2767 nafari texnikumlarga, 1564 nafari kollejda oʻqish istagini bildirgan. Maktab ostonasidanoq, “Ustoz-shogird “ anʼanasiga koʻra, oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlagan oʻquvchilar soni 2319 nafarni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz rahbari oʻz tabrigida bitiruvchilarimizga bu yoʻlda oq yoʻl tilar ekan, har qadamda ularni qoʻllab-quvvatlab turuvchi mustahkam kuch borligini taʼkidlab, ularga yuksak ishonch bildirdi.

Aytish joizki, yurtimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishda barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Jumladan, viloyatda ham oʻquvchilarning chuqur bilim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ayrim fanlar chuqurlashtirib oʻqitiladigan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. 2020-yilda matematika, informatika va axborot texnologiyalari hamda tabiiy fanlarga yoʻnaltirilgan 9 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2021-2022 oʻquv yilidan boshlab yana 6 ta matematika, 4 ta kimyo-biologiya, 5 ta informatika va axborot texnologiyalari chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

Shuningdek, Buxoro shahrida “Prezident maktabi” faoliyat boshlaydi.

Raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash boʻyicha ularga kerakli bilim va koʻnikmalarni berish maqsadiga yoʻnaltirilgan “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi doirasida ham tizimda samarali ishlar olib borilyapti. Ayni paytda Buxoro viloyati “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi doirasida uzbekcoders.uz portalidan roʻyxatdan oʻtganlar soni 7097 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 2170 nafari ishtirokchi sertifikatiga ega boʻlgan boʻlsa, 1269 nafari bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritgan. Loyiha doirasida oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra, viloyat oʻqituvchilarining 7 nafari TOP-100 roʻyxatidan oʻrin olgan. 8 nafar maktab oʻquvchilari loyiha sovrindorlari sifatida 3 milliondan 6 milliongacha pul mablagʻlarini qoʻlga kiritishdi.

Ayni paytda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 536 ta umumtaʼlim maktablarida 19 103 ta fan toʻgaraklari tashkil etilgan boʻlib, ularga 274 278 nafar oʻquvchi jalb etilgan. Bu raqam jami oʻquvchilar sonining 83 foizini tashkil etmoqda.Shuningdek, besh tashabbus yoʻnalishida maktablarda 6708 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular 334 543 nafar oʻquvchilarni qamrab olgan.

Bundan tashqari oʻquvchilarimizning 15 386 nafari “Barkamol avlod” bolalar maktablarida faoliyat yuritayotgan 7 ta yoʻnalishdagi 659 ta toʻgarakda oʻz qiziqishlari asosida ishtirok etishmoqda.

Maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini yaxshilash masalasiga ham alohida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda investitsiya dasturlari asosida 18 ta, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 6 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, Buxoroda Prezident maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashriflaridan soʻng yana 12 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi. Jumladan, Vobkent tumanidagi 34-maktabning moslashtirilgan binosi oʻrniga zamonaviy maktab loyihasi asosida 330-oʻrinli bino qurilishi, Buxoro shahridagi 39-, Buxoro tumanidagi 2-, Kogon tumanidagi 15-, Peshku tumanidagi 34-, Romitan tumanidagi 3-, Qorakoʻl tumanidagi 4-, Olot tumanidagi 11-umumtaʼlim maktablari rekonstruksiya qilinishi, Vobkent tumanidagi 26-, Jondor tumanidagi 27-, Shofirkon tumanidagi 30- va Gʻijduvon tumanidagi 17-umumtaʼlim maktablarini mukammal taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Maktablarning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 291 ta maktabda suvni tozalab beruvchi qurilmalar oʻrnatish orqali toza ichimlik suv bilan taʼminlanib, 172 ta maktabning hojatxonalari (92 ta yangi qurilish, 80 ta mukammal taʼmirlash) holati yaxshilanadi.

Joriy yilda OTM-MAKTAB hamkorlik loyihasi asosida bitiruvchilari oliy oʻquv yurtlariga kirish koʻrsatkichlari boʻyicha past natijaga erishgan viloyatdagi 20 ta umumtaʼlim maktablari oliy taʼlim muassasalariga biriktirildi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti tomonidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda 4 ta maktabda fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish boʻyicha maxsus guruhlar tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad – bitiruvchilarning 30 foizini oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishini taʼminlashdan iborat.

Berilgan imkoniyatlardan munosib javob sifatida iqtidorli oʻquvchilarimiz qator yutuqlarni qoʻlga kiritishayotgani quvonarli hol.

Joriy yilning oʻtgan davrida bilimdonlarimiz Xalqaro musobaqalarda 2 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Shuningdek, respublika miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiadalarida ham oʻquvchilarimiz yuqori natijalarni qayd etishdi. “Qoʻqon olimpiadasi”ning respublika bosqichida Qorakoʻl Xalqaro matematika maktabining 9-sinf oʻquvchisi Anvarjon Raxmatov gʻoliblikni qoʻlga kiritib, bosh sovrin- “Neksiya” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Ushbu maktabning yana 2 nafar oʻquvchisi oʻz guruhlari toifasida 2 va 3-oʻrinlarni egallashdi. Al-Xorazmiy nomidagi matematika olimpiadasida ham ushbu maktabning 8-sinf oʻquvchisi Oʻlmas Xudoyberdiyev eng yuqori natija bilan gʻoliblik shohsupasini band etdi. Uch nafar oʻquvchilarimiz esa faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Endilikda bundan-da yuqori koʻrsatkichlarga erishish maqsadida puxta hozirlik olib borilmoqda.

Davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi, ustozlarning fidoyiligi tufayli maktab partasidayoq talabalik baxtiga musharraf boʻlayotgan iqtidorli oʻquvchilarimiz ham anchagina. Ayni paytda 200 nafardan ortiq oʻquvchilar xorijning hamda mamlakatimizning nufuzli oliy oʻquv yurtlarining talabasi boʻlishdi.

Davlat rahbari oʻz tabrigi orqali mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib, “hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar” deya yuksak umid va ishonch bildirdilar. Bunda barcha ota-onalarning, ustozlarning, butun bir mamlakatning umid va ishonchi mujassamdir.

Dilfuza MUSTAFAYEVA,

Buxoro viloyat hokimining taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi,

viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshlii