200 nafar tarbiyalanuvchiga moʻljallangan davlat-xususiy sheriklik asosidagi mazkur MTMni barpo etish uchun 5,5 milliard soʻm sarflandi. Bogʻcha asosan rus va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan boʻlib, unda 4 ta guruh xonasi zamonaviy usulda jihozlangan.
Tarbiyalanuvchilar uchun musiqa, umumiy ovqatlanish xonalari, oʻyingohlar va yozgi ayvonchalar mavjud.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov “Oltin avlod”ning ochilish marosimida ishtirok etib, viloyatda bugungi kunda bolalarning MTMga qamrovi 63 foizni tashkil etayotgani, kelgusida bu koʻrsatkich yana-da oshishida bu kabi zamonaviy muassasalar muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Uni barpo etgan tadbirkor va oʻz faoliyatini boshlayotgan jamoa ishiga muvaffaqiyat tilab, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Davlatobod tumanida 25 ta davlat va 26 ta nodavlat, jami 51 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Nodavlat tashkilotlarining 12 tasi xususiy, 13 tasi oilaviy, 1 tasi esa davlat xususiy-sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etadi. Ularga 8800 nafardan ziyod tarbiyalanuvchi jalb qilingan.