Davr oʻzgardi: import emas, eksport qilamiz

    Surxondaryoning sanoatlashayotgan qiyofasi

    Shu yil 26-may kuni davlatimiz rahbari raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Yigʻilishda taʼkidlanishicha, hozir mamlakatimizda toʻqimachilik, mebelsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida 1 millionga yaqin aholi ishlayapti. Umuman, bugun sanoatdagi mahalliylashtirish yangi ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilyapti.

    Joriy yilda Surxondaryo viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 41 ta loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar orqali umumiy qiymati 445,5 milliard soʻmlik mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Biznes subyektlari tomonidan tibbiyotda qoʻllaniladigan tabiiy mazlar, steviya dorivor oʻsimligini qayta ishlash va qadoqlash, qurilish materiallari, dekorativ oyna, avtomobil moylari, olovga chidamli gʻisht, suv inshootlari uchun ehtiyot qismlar, qamishdan plitka, agrar sohaga moʻljallangan mineral oʻgʻitlar, elektrotexnika hamda charm mahsulotlari kabi qator import oʻrnini bosuvchi yangi mahsulot turlari oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu yoʻnalishlarda ¬amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu esa viloyat sanoatidagi ichki ehtiyojni qondirish va importga boʻlgan ehtiyojni kamaytirishda muhim qadam hisoblanadi.

    Surxon vohasining imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh va chekka hududlarda yangi korxonalar qurilmoqda. Bunga Termiz tumani Ayritom mahallasidagi bazalt xomashyosidan mineral vata ishlab chiqarish loyihasini misol qilish mumkin. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 26 million dollar boʻlib, korxona yiliga 30 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yil davomida 345 milliard soʻmlik tayyor mahsulot bozorga chiqariladi degani. Quvonarlisi, korxonada 320 kishi uchun ish oʻrni yaratiladi.

    — Korxonamizni qurishda mahalliy va xorijlik mutaxassislar hamkorlikda ish yuritmoqda, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Mahmud Xolmatov. — Loyiha Xitoy, Turkiya va Tailand davlatlarining yuqori samaradorlikka asoslangan zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlanyapti. Hozir barcha mahsulot ishlab chiqarish bosqichlarini montaj qilish ishlari oʻz poyoniga yetmoqda. Yana ikki-uch oyda bu ishlarni yakuniga yetkazib, korxonani foydalanishga topshiramiz.

    Oltinsoy tumanidagi Vaxshivor togʻlarida 60 gektar yer samarali oʻzlashtirilmoqda. Ana shu hududdan qazib olinayotgan bazalt va golomit toshlari qayta ishlash uchun sanoat korxonasiga yetkazib berilmoqda.

    Korxonaga olib kelingan toshlar maxsus texnologiyalar yordamida maydalanib, yuqori haroratda eritiladi. Natijada jahon standartlariga mos mineral vata va qurilishda keng qoʻllaniladigan turli mahsulotlar ishlab chiqariladi.

    Bu mahsulotlar issiqlik va sovuqni saqlashi, shovqinni kamaytirish ¬xususiyati bilan ham ajralib turadi. Shu jihatdan ular qurilish sohasida ekologik toza va samarali yechim sifatida yuqori baholanmoqda. Yana bir gap, korxonada xorijlik malakali mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda.

    — Hozir ushbu korxonada bazalt xom¬ashyosidan qurilish materiali ishlab chiqarish uchun texnologik jarayonlarni montaj qilyapmiz, — deydi xitoylik mutaxassis Sadu Jou. — Bugungi kungacha oʻzim ishlayotgan jamoa bilan birga katta qozonni oʻrnatib, ishlashga tayyor qilib qoʻydik. Korxona uchun zamonaviy, energiya tejamkor qozon tanlangan. Bu ishlab chiqarishda sifat va samaradorlikni oshiradi. Aytish kerakki, bu yerda ishlash menga yoqdi. Chunki ahil, quvnoq, yuqori malakali mutaxassislar jamoasida ishlash doim yoqimli.

    Ushbu loyiha hududning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirib, eksport hajmi koʻpayishiga xizmat qiladi. Qolaversa, korxona yirik soliq toʻlovchiga aylanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha sabab mahalliy byudjetga soliq tushumi 20 milliard soʻmgacha koʻpayadi.

    Termiz erkin iqtisodiy zonasida import oʻrnini bosadigan mahsulot ishlab chiqaradigan qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan. Jumladan, Prezidentimiz 2024-yilning 22-noyabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazgan edi. Mazkur yigʻilishida masʼullar oldiga hududda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash borasida qator vazifalar qoʻyilgandi.

    Erkin iqtisodiy zonadagi yirik biznes subyekti yiliga 17 million dollarlik import oʻrnini bosadigan qurilish jihozlari ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, beshta ¬davlatga 4 million dollarlik 4,5 ming tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi.

    Qurilish obyektlarining muhim komponenti boʻlgan oyna mahsulotlari ilgari Surxondaryoga chetdan import qilinar edi. Denovlik tadbirkor 1 million 250 ming dollarga teng mablagʻ evaziga oynaga ishlov berish korxonasini tashkil etdi. Korxonada oyna mijoz taklifiga koʻra turli oʻlcham va shaklga keltiriladi.

    — Denov tumanida ham sanoatni mahalliylashtirish doirasida samarali loyihalar amalga oshirilmoqda, — deydi tadbirkor A.Halimov. — Quvonarlisi, korxonamiz ¬sabab ishsiz va roʻzgʻor tebratish uchun xorijga ketishga majbur boʻlgan fuqarolar endi mahallasida, oilasidan olis ketmay mehnat qilyapti. Bu yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlar oddiy odamlar hayotida qanchalik ijobiy oʻzgarish yasaganiga yaqqol misoldir.

    Ehtiyoj yuqoriligi bois, Termiz shahrida ham oyna ishlab chiqarish va unga ishlov berish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Natijada oyna importining hajmi ancha qisqardi.

    — Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollarni tashkil etadi, — deydi korxona menejeri Turdimurod Karimov. — Yillik ishlab chiqarish hajmi esa 30 million kvadrat metrni tashkil etadi. Bugungi kunda turli oʻlcham va rangdagi 20 turdan ortiq oyna mahsulotlari ishlab chiqarilib, eksportga ham yoʻnaltirilmoqda. Bu oʻz-oʻzidan Surxondaryoning iqtisodiy oʻsishiga va aholi farovonligiga xizmat qilyapti.

    Termiz shahri sanoatlashgan hududga aylandi. Hozir bu yerda talab va taklif, ichki va xorij bozorlarining dinamikasi muttasil oʻrganiladi, tahlil qilinadi. Shu tufayli bozorbop tovar ishlab chiqarish gʻoyasi ilgari suriladi. Gʻoya ijobati bilan muhim boʻlganidek, bugungi kunda qurilishda zarur material hisoblangan polistirolli va mineral vatali sendvich panellar Termizda keng miqyosda ishlab chiqarilyapti.

    — Sendvich panellari ilgari Surxondaryoga import qilinardi. Hozir bunday mahsulotlarni oʻzimiz ishlab chiqaryapmiz, — deydi korxona operatori Norbek ¬Ahmedov. — Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 million dollarni tashkil qiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati esa 790 ming kvadrat metr.

    Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar hududlarda zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xalqaro bozorda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalarni ishga tushirib, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Darhaqiqat, keyingi yillarda sanoat korxonalarini texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash borasida Surxondaryoda samarali ishlar bajarilmoqda. Xususan, Jarqoʻrgʻon tumanida ham ishlab chiqarish hajmi va sifatini yuksaltirishga alohida eʼtibor berilyapti. Buning amaliy ifodalaridan biri avtoklab usulda gazo¬blok qurilish mahsulotini ishlab chiqarish loyihasidir. Umumiy qiymati 35 milliard soʻm boʻlgan obyekt tomonidan bugun viloyatimizdagi barcha qurilish inshootlariga zarur mahsulot turlari yetkazib berilmoqda.

    Muzrabot tumanida esa tadbirkor qamishni maydalab, yiliga 150 ming kub metr yogʻoch qirindili plita ishlab chiqarmoqda. Ushbu loyiha sabab 110 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.

    — Azaldan ota-bobolarimiz qamishdan uy-roʻzgʻor buyumlarini tayyorlagan. Ammo sanoat kirib kelgach, bunday buyumlarga ehtiyoj yoʻq degan qarash shakllandi. Bugun davrning oʻzi oldimizga shu kabi tabiiy boyliklardan samarali foydalanish zaruratini qoʻymoqda. Texnologik taraqqiyot qamishdan ham zamonaviy va yuqori standart talablariga javob beradigan qurilish xomashyosi tayyorlash imkonini berdi. Muzrabot tumani Amudaryoga yaqin. Daryo sohilida qamish koʻp oʻsadi. Shu paytgacha qamishga keraksiz oʻsimlik deb qaraganmiz. Odamlar yozda uni yoqib yuborib boʻlsa ham yoʻqotishga urinardi. Bugun esa bunday fikr, qarashlar umuman oʻzgardi. Tumanimizda tashkil etilgan korxona fikrimiz isboti. Bu korxona tumanimizning yuzlab yoshlarini ish bilan taʼminladi, — deydi muzrabotlik jurnalist Abdusalom Yoʻldoshev.

    Mazkur korxonada maydalangan qamishdan “Qamish qirindili” va “Yogʻoch qirindili” plitalari ishlab chiqarilmoqda. Loyiha uchun 19 million dollar sarmoya kiritilgan. Shundan 7 million dollari xorijiy investitsiyadir. Shu mablagʻ evaziga korxona zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.

    — Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi ichki bozorga, 70 foizi eksportga yoʻnaltiriladi. Ishlab chiqarish liniyasi toʻla quvvatda ishlasa, yiliga 2 million 500 ming dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirilishi va bu orqali 2 million dollarlik importni kamaytirishga erishiladi, — deydi korxona bosh muhandisi Abbos Nabiyev. — Keyingi yilda korxonamiz tomonidan mahalliy byudjetga qoʻshimcha 3,3 milliard soʻm soliq va boshqa yigʻimlar tushishi kutilmoqda. Yillik sof daromad salmogʻi esa 15 milliarddan koʻp boʻlishi reja qilingan.

    Surxondaryoning shaharu qishloqlarida eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan tarmoqlar barpo etilmoqda. Natijada ichki bozor talabi toʻliq taʼminlanib, aholi ehtiyojidan ortgan mahsulotlar xorij bozoriga chiqarilmoqda. Bir viloyat, tuman, hudud kesimida sanoat ishlab chiqarish koʻrsatkichlarining bunday yuqori surʼatlar bilan oʻsishida esa yangi korxonalarning ishga tushirilishi, mavjudlarida modernizatsiya, texnik va texnologik jihatdan yangilash ishlarining amalga oshirilayotgani muhim omil boʻlmoqda.

    Sarvar TOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri