Davra suhbatida iqtisodiy munosabatlar muhokama qilindi

    Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida bir qator tadbir va uchrashuvlar tashkil etildi.

    Xususan, Toshkentda Oʻzbekiston-Singapur ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Unda qayd etilishicha, hozir Oʻzbekistonda Singapur investorlari tomonidan 90 ta korxona tashkil etilgan boʻlib, ular elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, taʼlim, savdo va mashinasozlik kabi sohalarda faoliyat yuritmqoda.

    Ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro savdo ayirboshlash hajmi dinamikasi doimiy oʻsishda boʻlib, 2017-yildagi 92,6 million dollardan 2022-yilda 143 million dollar (eksport – 105 mln dollar, import – 38 mln dollar)ga yetdi. Singapurga asosan qora metallar va ulardan yasalgan jihozlar, qurilish materiallari, xizmatlar va boshqalar eksport qilinmoqda.

    Import tarkibini esa xizmatlar, kauchuk, rezina va undan yasalgan jihozlar, optika mahsulotlari va instrumentlar, mexanika jihozlari, toʻqimachilik mahsulotlari va boshqalar tashkil qiladi.

    Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalari hajmi ham yildan-yilga oʻsib bormoqda. 2016–2022-yillarda Singapurning investitsiyalari jami 700 million dollarni tashkil etgan.

    Tadbir yakuni boʻyicha “B2B” va “G2B” uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida tadbirkorlar oʻz mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlarga namoyish etgan holda ularning eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari borasida fikr almashdilar.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yil 16-18-yanvar kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Singapurga tashrif buyurgan edi. Davlatlar besh yoʻnalish boʻyicha hamkorlik qilish, kapitali 500 mln dollar boʻlgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish boʻyicha kelishib olgan, shuningdek, salkam 5 mlrd. dollarlik shartnomalar imzolagan.