"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, Toshkent — Dehli samolyotida uchib kelgan ikki nafar o'zbekistonlik fuqaro katta miqdorda tilla buyumlarini Hindiston hududiga noqonuniy yo'l bilan olib kirishga urinayotganda qo'lga olingan. Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, ushbu O'zbekiston fuqarolari Dehliga tijorat maqsadlarida muntazam tarzda kelib turgan.
"O'zbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimiz bilan bog'liq surishtiruv jarayoni nazoratga olingan va Hindistonning mas'ul huquq-tartibot idoralari bilan ishchi aloqalar o'rnatilgan. Shuningdek, vaqtincha hibsga olingan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o'tkazish choralari ko'rilmoqda. Diplomatik missiya vatandoshlarimizdan xorijga, jumladan, Hindistonga safar qilish chog'ida chet davlatlar qonunchiligi talablariga qat'iy rioya qilishga, turli shubhali guruhlar yoki shaxslarning yolg'on va'dalariga aldanib qolmaslikka chaqiradi", deyiladi agentlik xabarida.