Dekabr oyida Fargʻonada dastlabki elektromobillar test rejimida ishlab chiqariladi

    Sanoat 19 Oktabr 2021 2204

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Fargʻona shahrida elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan “Central Asia Motors” korxonasida boʻlib, korxonani ishga tushirish bilan bogʻliq jarayonlar bilan tanishdi.

    Fargʻona mexanika zavodi hududida joylashgan ushbu korxonada umumiy qiymati 50 million dollar boʻlgan “Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar ishlab chiqarish” loyihasi hayotga tatbiq etilyapti.

    Ushbu mablagʻning 5 million dollari tadbirkorning oʻz mablagʻlari, yana 5 million dollari bank krediti boʻlsa, qolgan 40 million dollari toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya hisoblanadi.

    Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va 2022-yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Toʻla quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqariladi.

    Korxona rahbarining loyihaning bugungi holati boʻyicha bergan maʼlumotiga koʻra, dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqadi. Eng qizigʻi, dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.

    Hozirda elektromobillarni yigʻish va test uskunalaridan oʻtkazish sexi hamda elektroforez va boʻyash sexi ishlab chiqarish jarayonlariga tayyor boʻlib, elektromobillarning kuzov qismini payvandlash uchun sex tashkil etishga qoʻshimcha ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj boʻlib turibdi.

    Viloyat rahbari, mexanika zavodi hududidagi boʻsh turgan maydonlardan ushbu investitsion loyihani yakunlash uchun belgilangan tartibda joy ajratib berish boʻyicha tegishli masʼullarga topshiriq berdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.