Bu borada tadbirkorlarga bir qator yengilliklar eʼlon qilingan edi. Ulardan unumli foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming oʻrinli bogʻcha tashkil qilish muhimligi taʼkidlandi.

Namangandagi 49 ta texnikumga xorijiy standartlarni olib kelib, ularning barchasida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Soʻnggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida Namangandagi 48 ta tadbirkor 3 mingga yaqin oʻzgalar parvarishiga muhtoj katta yoshdagilarga qarab turish xizmatini yoʻlga qoʻygan. Natijada ularga qarash bilan bogʻlanib qolgan 350 nafar aholi ishga chiqdi va daromadli boʻldi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson kabi kasalliklar bilan xasta odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Shuningdek, kunduzgi parvarish xizmatlariga qoʻshimcha ravishda nogironligi bor bolalarni funksionalligini oshirishga qaratilgan reabilitatsiya va pedagogik xizmatlarni joriy etish muhimligi qayd etildi.