Dengiz yoʻli hamkorlik, doʻstlik demak

    Maʼlumki, Oʻzbekiston dengiz kommunikatsiyalariga chiqish uchun boshqa davlatlar hududi orqali oʻtishi kerak boʻlgan davlatlardan hisoblanadi.

    Dengiz yoʻli millatga, mamlakatga ulkan imkoniyatlar berishi haqida uzoq gapirish mumkin. Aytish mumkinki, xalqimizning eng buyuk intilishlaridan biri ham jahon yoʻliga chiqish, barcha mintaqa va davlatlar bilan doʻstona hamkorlik, bordi-keldi qilishdir.

    Turkmanistonning «Avaza« milliy sayyohlik zonasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi shu maʼnoda katta ahamiyatga ega. BMT Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish, qator davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari strategik masalalarda oʻzaro fikr almashdi, taklif-tashabbuslar ilgari surildi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston dengiz kommunikatsiyalariga chiqish uchun boshqa davlatlar hududi orqali oʻtishi kerak boʻlgan davlatlardan hisoblanadi. Dengiz portlariga chiqishimiz uchun bir qator muammolarga duch kelamiz. Birinchi va asosiy muammo – masofa uzoqligi – yaqini 3 ming km. Uzoq masofa bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Tariflarning yuqoriligini, transport yoʻlaklari hamda infratuzilmalarning imkoniyati cheklanganini, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bogʻliqlik masalalarini hal etish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi.

    Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, mintaqamizda logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxining 60 foizigacha yetmoqda. Bu xalqaro miqyosdagi logistika xarajatlaridan bir necha barobar yuqoridir.

    Yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va uni yanada yuksaltirish uchun koʻproq imkoniyatlar, yangi tashabbuslar va ishonchli hamkorlar zarur.

    Mazkur konferensiya nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ishonchli yangi tranzit yoʻlaklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish yoʻlida ham muhim muloqot maydoni boʻldi.

    Oʻzbekiston Prezidenti konferensiyadagi nutqida dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari toʻgʻrisidagi global bitimni ishlab chiqish taklif etildi.

    Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini taʼminlab, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirishi va global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻli loyihasini Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻl magistrali bilan bogʻlash mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyat yaratishi taʼkidlandi.

    Dengizga tabiiy yoʻli yoʻq mamlakatlar uchun kafolatlar boʻlishi, bu boradagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat, albatta, hamkor va qoʻshni davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi muhim. Shu maʼnoda nufuzli konferensiyaning qoʻshnimiz Turkmanistonda samarali oʻtishi ham katta ahamiyatga ega boʻldi.

    Markaziy Osiyo gʻarb va sharqni, shimol va janubni bogʻlovchi tranzit xab boʻlish imkoniyatlariga ega ekanini keyingi yillardagi tinchlik hamda taraqqiyotga intilishi bilan amalda namoyon etdi.

    Ulugʻbek INOYATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

    OʻzXDP fraksiyasi rahbari.