“Dengizkoʻl” konida tabiiy gaz quvuri oʻrnatilmoqda

    Sanoat 25 May 2021 2817

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga asosan, tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish va gaz quvurlarida siqilishlarni oldini olish maqsadida “Oʻrtabuloq – Dengizkoʻl” neft va gaz konlari majmuasiga qarashli “Dengizkoʻl” konida tabiiy gaz quvurining qurilish ishlari olib borilmoqda.

    “Dengizkoʻl” konida loyiha asosida qurilayotgan kirish tarmogʻi blokining 8-navbatidan “Dengizkoʻl” siquv kompressor stansiyasigacha diametri 426x18mm, uzunligi 1800 p/m boʻlgan tabiiy gaz quvurining qurilish ishlarini yakuniy bosqichi davom ettirilmoqda.

    Qurilish montaj ishlari “Muborakneftgaz-Quruvchi” MCHJ tomonidan olib borilayotgan boʻlib, bugungi kunda 1800 p/m quvur tashib keltirildi va payvandlash va yer qazish ishlari toʻliq bajarildi. Hozirda gaz quvurini ulash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, sarf xarajatlarni qisqartirish maqsadida gaz quvuri qurilishida zarur boʻlgan butlovchi detallar va material texnik resurslar boshqarma ichki imkoniyatidan foydalangan holda taʼminlandi.

    Mazkur gaz quvurining ishga tushirilishi natijasida 2021-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan ishga tushirilishi rejalashtirilgan 321–325 quduqlardan qazib olinadigan tabiiy gazni kirish tarmogʻi blokining 8-navbati orqali alohida quvur bilan siquv kompressor stansiyasiga uzatish imkoniyati yaratiladi.

    Bundan tashqari, kondagi gaz quvurlarining kengaytirish orqali quvurlarda gaz siqilishlari hosil boʻlishi bartaraf etilib, gaz oʻtkazuvchanlik qobiliyati ortishi evaziga kunlik gaz qazib chiqarish hajmi koʻpayishiga erishiladi, deya xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Dengizkoʻl” koni Buxoro viloyatining Olot tumani xududida joylashgan boʻlib, 1981-yilda ishga tushirilgan.