Denov tumani markazida joylashgan dehqon bozori atrofi butunlay izdan chiqqanligi va aholiga juda katta noqulayliklar keltirib chiqarayotganligi inobatga olinib, markaziy dehqon bozori va uning atrofidagi xizmat ko'rsatish ob'ektlari “Namozgoh” mahallasida yangi qurilgan zamonaviy bozorga ko'chirish belgilangan.
SHunga muvofiq, hozirda eski dehqon bozori yangisiga ko'chirildi. Bu erda sotuvchi va xaridorlar uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Bozorda 1300 o'rinli savdo rastalari mavjud, dehqonlarga o'z ulgurchi mahsulotlarini sotishlari uchun ham sharoitlar qilingan. Bundan tashqari, 43 ta do'kon ham oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan. Bir qator umumiy ovqatlanish shahobchalari, avtomobillar uchun turargoh aholi xizmatida.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali e'lon qilingan video materialda tuman hokimligi vakillarining markaziy dehqon bozori atrofidagi xizmat ko'rsatish ob'ektlari egalari bilan uchrashuvi aks etgan bo'lib, unda mulk egalari eski dehqon bozori atrofidagi xizmat ko'rsatish ob'ektlari binosi uchun kompensatsiya berish, yangi dehqon bozori hududidagi oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan do'konlardan joy ajratishni so'rashgan.
Uchrashuvda mulk egalarining ushbu talablari inobatga olinishi, ularga tegishli ob'ektlar qiymati baholovchi tashkilotlar tomonidan to'liq baholab bo'lingach o'rnatilgan tartibda kopensatsiya to'lovlari to'lab berilishi, shungacha yangi dehqon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan do'konlarda ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritishlari mumkinligi tushuntirildi, deyiladi hokimlikning rasmiy munosabatida.