Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ma'lum qilishicha, shu yilning 7 aprel kuni soat 08:24 da «112» tizimi orqali viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Denov tumani «Oqtom» MFY hududidagi AGQShda «KAMAZ» rusumli propan gaz tashuvchi maxsus avtomobildan sig‘imga gaz quyish jarayonida chaqnash sodir bo‘lgani va oqibatda yong‘in kelib chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan.

Hodisa joyiga 5 ta qutqaruv bo‘linmasi soat 08:39 da yetib borgan. Yong‘in soat 08:42 da o‘rab olingan bo‘lib, ayni vaqtda uni to‘liq bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, sig‘imdagi portlashga gazni bo‘shatish vaqtida texnologik jarayon talablarining buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 

Voqea joyida viloyat FVB rahbar xodimlari, Denov tumani IIB, SSB hamda «Hududgazta'minot» tashkiloti vakillari ish olib bormoqda. Hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro, shundan bir nafari 10 foiz, yana bir nafari 3-4 foiz yengil kuyish tan jarohati olgan. Ularning sog‘lig‘iga xavf yo‘q, hozirda ahvoli yaxshi. Halok bo‘lganlar yo‘q.