Muammoning katta-kichigi bo'lmaydi. Odamlarning kichik muammosi hal bo'lsa, katta natijalarga olib keladi. Aks holda ular yig'ilib-yig'ilib, o'tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Hal bo'lgan har bir murojaat ortida esa o'nlab, hatto, yuzlab odamlar hayotidagi o'zgarish, yangilanish mujassam.

Shu jihatdan fuqarolarimiz qonuniy huquqlari buzilsa, muammolari mutasaddi idoralarda vaqtida hal etilmay sarson bo'lsa, haqiqat izlab deputatga murojaat qiladi. Chunki xalq vakillari  murojaatlarni e'tiborsiz qoldirmaydi, ijobiy hal etish choralarini ko'radi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zLiDeP fraktsiyasi a'zosi Odinaxon Otaxonova ham o'z vazifasini sidqidildan bajarib, odamlarning og'irini engil qilib, hamisha xalq dardi bilan yashashga, ularning muammosini echishda jonbozlik ko'rsatib kelayotgan deputatlardan biri sanaladi.

Halq vakili qachon saylovchilar bilan uchrashmasin, har gal fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qiladi, ko'tarilayotgan masalalarga imkon qadar joyida yechim topadi. Odamlarning dardu quvonchiga sherik bo'lib, og'irini yengil qilishga jiddiy harakat qiladi.

Deputat O.Otaxonovaning Shahrixon tumani aholisi bilan uchrashuvlari ham g'oyat qizg'in kechdi. Ayniqsa, “Qumtepa” MFYda joylashgan tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-sonli tug'ruq kopleksining ochilish marosimi haqiqiy bayramga aylanib, yuqori kayfiyatda o'tdi.

Mahalla hududida bunyod etilgan mazkur tibbiyot muassasasining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov, parlament quyi palatasi deputati Odinaxon Otaxonova, malakali shifokorlar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so'z olganlar mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa kasallikning oldini olish, erta aniqlash va bartaraf etishda muhim bo'g'in bo'lgan oilaviy poliklinikalar faoliyatini rivojlantirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidlashdi.

Shu yerda viloyat hokimi bilan tumandagi mavjud muammolar xususida fikr almashib, aholini qiynab kelayotgan o'nlab muammolar bartaraf etildi. Jumladan, tug'ruq komleksiga qo'shimcha tibbiy anjomlar beriladigan bo'ldi. Tibbiyot muassasasini ko'mir bilan ta'minlash masalasi manzilli dasturga kiritildi.

Asaka tumani hokimligida bo'lib o'tgan uchrashuvda qishga tayyorgarlikda yo'l qo'yilgan kamchiliklarni hal etish, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag'allikdan chiqarish, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga o'rgatish, bandlikni ta'minlashda manzilli yondashuvni kuchaytirish zarurligini qayd etildi.

— Odamlarni rozi qilish bugungi islohotlarning asosiy mezoni, — deydi O.Otaxonova. — Shu sababli bugun zamon bilan hamqadam yurib, mavjud muammolarga birinchi bo'lib yechim topishga, odamlarning dardu quvonchiga sherik bo'lishga astoydil harakat qilyapmiz. Ijtimoiy ehtiyojmand qatlamga, doimiy daromaddan mahrum bo'lgan insonlarga ko'mak beryapmiz. Mahalliy rahbarlar, deputatlar ham ko'p vaqtini odamlar orasida o'tkazsa, mavjud muammolarga o'z vaqtida yechim topsa, fuqarolarimiz adolat va haqiqatning qudratiga, hayotga va kelajakka ishonadi.

Uchrashuv davomida Rossiyaning Qozon shahrida bo'lib o'tgan belbog'li kurash bo'yicha jahon chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritgan asakalik yoshlar taqdirlandi. Marosimda xalq vakili yoshlarni tabriklar ekan, Prezidentimiz rahbarligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga etkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotganini e'tirof etdi.

“Asaka dehqon oziq-ovqat bozori”dagi uchrashuv chog'ida arzonlashtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari yarmarkasidagi narx-navo barqarorligi, mahsulotlar narxi sun'iy oshirilishining oldini olish bo'yicha mahalliy hokimlik ko'rayotgan choralar nazorat tartibida ko'rib chiqilib, mutasaddilarga tegishli ko'rsatmalar berildi.

Mamlakatimizda kam ta'minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo'qotgan, ayniqsa, og'ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan oilalarga ijtimoiy ko'mak ko'rsatish — bugungi kunning eng muhim talabidir. Shu sababli, deputat Asaka tumanidagi ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalar holidan xabar olib, murojaatlarini tingladi.

Mirzaobod MFY “Yuqori Mirzaobod” ko'chasida yashovchi Usmonjon Ro'ziev va mahalla faollari tomonidan ko'tarilgan masalalar joyida tuman mutasaddilari bilan birgalikda o'rganilib, belgilangan tartibda qanoatlantirildi. Eng muhimi, mahallalardagi eski transformatorlar ta'mirlanib, yangi simyog'ochlar o'rnatib berildi.

Aholi muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayot sifatini yaxshilash bugun davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi  O'zLiDeP fraktsiyasi a'zolari ham ana shu ezgu maqsad yo'lida tinmay xizmat qilayotir.