Nima uchun qishloqdagi maktabga kompyuter sovgʻa qiladi, deydiganlar koʻplab topildi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent viloyatidagi vakillari unga Parkent tumanining Zarkent qishlogʻidagi 15-umumtaʼlim maktabini tavsiya qilishdi. Boisi, bu yerda oʻquv jihozlari yetishmayotganligi toʻgʻrisida eshitishgandi.
— Taʼlim dargohimizda 13 ta kompyuter bor, — deydi 15-umumtaʼlim maktabi direktori vazifasini bajaruvchi Fathiddin Minhojiddinov. — Lekin ular 2004-yilda olib kelingani bois, yaxshi ishlamaydi, eskirgan. Kompyuterimiz bor deyishga ham uyalardik. Biz deputatning muruvvatidan juda xursandmiz.
— Shahardagi maktablardan biriga kompyuter sovgʻa qilmoqchi boʻlib yurgandim, — deydi deputat Jahongir Ziyoyev. — Yaqinda Internetdagi Feysbuk sahifasida taʼlim haqidagi maqola eʼlon qildim. Shuhrat Turdiyev degan bir akamiz “Hozir amaliy ish qilmay, gap bilan ishini bitiradigan aqllilar koʻpayib ketdi. Yaxshisi, qishloq maktabiga kompyuter sovgʻa qiling. Sizga oʻxshaganlardan mingta boʻlsa, shuncha maktab kompyuterli boʻladi” degan mazmunda “post” qoldiribdi.
Oʻylab koʻrsam, haqiqatdan ham gapida jon bor. Darhaqiqat, agar imkoniyati bor har bir rahbar yoki ishbilarmon maktablarga bittadan kompyuter sovgʻa qilsa, qanchadan-qancha taʼlim muassasalarimiz kompyuterli boʻlardi. Axir, maktab ham masjiddek gap. Unda xalqimizning farzandlari oʻqishadi.
Albatta, deputatning saxovati har qancha tahsinga sazovor. Lekin bir fikr kishini oʻylantiradi: Parkentda ham oʻziga toʻq odamlar kam emas. Ular ham hech boʻlmasa, oʻzlari oʻqigan maktabga bittadan kompyuter sovgʻa qilishsa, yomon boʻlmasdi.