Deputatlar 2020 yil davlat dasturining ijrosini ko'rib chiqdi

    2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o'sishi o'tgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat — 100,7 foizni, xizmatlar — 102,3 foizni, qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligi — 103,0 foizni tashkil qilgan.

    2021 yil 27 yanvar` kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda deputatlar “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 2020 yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini muhokama qildilar. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

    Tadbirda ta'kidlanganidek, butun dunyo boshiga tushgan sinov, koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy o'sish sur'atlariga ta'sir ko'rsatib, ishlab chiqarish jarayonlarini susaytirdi, avvaldan tuzilgan qator istiqbol rejalarini o'zgartirishga majbur qildi. Bunday vaziyatda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining jiddiy yo'qotishlarsiz ishlashini ta'minlash, buning uchun avvalo tadbirkorlik sub'ektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu, o'z navbatida, pandemiya oqibatlarini yumshatish hamda iqtisodiyot tarmoqlaridagi o'sish sur'atlarining keskin pasayib ketishining oldini olishga imkon yaratdi.

    Parlamentga Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotda keltirib o'tilganidek, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta'sirini yumshatish borasida o'z vaqtida ko'rilgan choralar natijasida 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o'sishi o'tgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat — 100,7 foizni, xizmatlar — 102,3 foizni, qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligi — 103,0 foizni tashkil qilgan.

    Hisobot davrida 9,8 milliard AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar, shu jumladan, 7,0 milliard AQSH dollari miqdoridagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 2,8 milliard dollar mablag'lari o'zlashtirilgan.

    2020 yilda yalpi eksport hajmi 15,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. eksportni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz hududlarida 2,7 mingga yaqin yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilingan, 210 ta yangi turdagi mahsulotlar hamda ayrim tovar pozitsiyalari bo'yicha 40 ta yangi davlatning bozorlariga chiqishga erishilgan.

    Majlisda taqdim etilgan hisobotda Davlat dasturi ijrosini ta'minlashda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalariga ustuvorlik berilgani qayd etildi. Xususan, aholi o'rtasida ishsizlikni kamaytirish, daromadlarni oshirish, fan va uzluksiz ta'limni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, xotin-qizlar, yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, farovonligini oshirish va turizm sohalarini takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar ro'yobga chiqarilgan.

    Birgina aholi bandligini ta'minlash sohasida 2020 yilda respublika bo'yicha jami 378,1 mingta yangi ish o'rinlari tashkil etilgan. Jumladan, tadbirkorlik sub'ektlariga faoliyatini yo'lga qo'yish, mavjud ish o'rinlarini saqlab qolish va vaqtincha to'xtatilgan ish o'rinlarini tiklash maqsadida imtiyoz va preferentsiyalar berilgan. Natijada o'tgan yilda 66 mingta yangi yuridik maqomga ega bo'lgan kichik biznes sub'ektlarida 168,9 mingta yangi ish o'rinlari yaratilgan.

    2020 yilgi Davlat dasturida 284 ta band belgilangan bo'lib, shundan 206 ta band to'liq bajarilgan, 20 ta bandning muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan, 58 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ko'rib chiqilmoqda.

    Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan raqam, ko'rsatkich va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha ko'rib chiqildi. Ayniqsa, siyosiy partiyalar fraktsiyalarining avvalroq bo'lib o'tgan yig'ilishlarida Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati jonli, qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi.

    Hisobot davrida tadbirkorlik sub'ektlarining uzluksiz ishlashlariga sharoit yaratish, aylanma mablag'larini ko'paytirish maqsadida 5,8 mingta sub'ektlarga 9 trillion so'm qo'shilgan qiymat solig'idan salbiy farq summalari byudjetdan qoplab berilgani, karantin davrida tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub'ektlarining 26,5 trln. so'mlik kreditlar bo'yicha to'lovlarining muddatlari 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirilganini e'tirof etildi.

    SHu bilan bir qatorda, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining moliyalashtirilishida muammolar borligi, investorlar hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolarga duch kelayotgani, bu esa tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va himoya qilish borasida zarur choralar ko'rishni taqozo etishini ta'kidlandi.

    2020 yil butun dunyo hamjamiyati uchun sinovli yil bo'lishiga qaramasdan Davlat dasturining xalqimiz turmush farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarning amalga oshirilishiga oid bandlarining o'z vaqtida bajarilishi ham ijobiy natijadir. Ammo bu kabi ijobiy holatlar bilan birga, 2020 yilgi Davlat dasturining ayrim bandlari o'z vaqtida bajarilmay qolganiga ham e'tibor qaratildi. Xusan, bugungi kunda mamlakatimizda kambag'allik borasida aniq raqamlar e'lon qilingan, shunday ekan, fuqarolarimizni kambag'allikdan chiqarishning Davlat dasturida nazarda tutilgan aniq mexanizmlari ishlab chiqilishi lozim.

    Deputatlar, shuningdek, pandemiya davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha mamlakat miqyosida tizimli islohotlar amalga oshirilganini alohida e'tirof etdi. Xususan, “temir daftar”lar joriy etilgani kam daromadli, vaqtincha ishsiz fuqarolarni manzilli qo'llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ularni ishga joylashtirish, doimiy daromad manbalarini yaratish bo'yicha keng qamrovli choralar ko'rilayotgani real samara berayotganiga e'tibor qaratildi.

    SHuning bilan birga, Davlat dasturida belgilangan ayrim me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish muddati kechikkani, xususan, Aholini ijtimoiy himoya qilish kontseptsiyasi ishlab chiqilmagani ko'rsatib o'tildi. Ushbu hujjat qabul qilinishi ijtimoiy nafaqa to'lashning mukammal tizimini joriy etish, kam daromadli oilalarga ko'mak ko'rsatish qamrovini kengaytirish hamda nafaqa tayinlashda ochiq va adolatli tizimni yaratish imkonini berishi ta'kidlandi.

    2020 yilgi Davlat dasturi doirasida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, erlarning meliorativ holatini yaxshilash yo'nalishlaridagi ishlar pandemiya tufayli joriy etilgan karantinga qaramasdan o'z vaqtida amalga oshirilgani ham e'tirof sazovor ishdir. Birgina aholini ichimlik suv bilan ta'minlash darajasi 73 foizga etgani bunga yaqqol misoldir. O'z navbatida, aholini toza ichimlik suviga bo'lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, toza ichimlik suvi etib bormagan chekka hududlarda suv ta'minotini yo'lga qo'yish choralarini ko'rish, bunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rolini yanada kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.

    Qizg'in muhokamalardan so'ng deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma'qulladilar hamda Hukumat faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.