2021-yil 27-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda deputatlar Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yil birinchi choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini muhokama qildilar. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hisobotda ta'kidlanganidek, 2019-yilda ilk marotaba Davlat dasturining amalga oshirilishi to'g'risidagi Vazirlar Mahkamasining hisobotini Oliy Majlis palatalarida eshitish amaliyoti yo'lga qo'yilgandi. Mazkur amaliyot Davlat dasturi ijrosini ta'minlashda hamda shu orqali islohotlarni izchil amalga oshirishda o'zining ijobiy samarasini ko'rsatdi.
Hisobotda Hukumat tomonidan Davlat dasturi o'z vaqtida, to'liq va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko'rilgani qayd etildi. Natijada 2021-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning o'sishi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 103,0 foizni tashkil etdi. Davlat byudjetining jami xarajatlari 34,1 trillion so'mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo'naltirilgan xarajatlar 18,2 trillion so'mni tashkil qildi.
Yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, adolat tamoyilini ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, oliy ta'lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o'qiyotgan oilalarga ta'lim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni o'qish davri tugagandan so'ng qaytarish amaliyoti yo'lga qo'yilgani, davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo'lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshirilgani alohida ta'kidlandi.
Yoshlarni qo'llab-quvvatlash sohasida tuman (shahar)lar bo'yicha yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etilib, shu yilning birinchi choragi davomida jami 271,5 ming nafarga yaqin yoshlarning bandligi ta'minlanib, 191,9 ming nafar yoshlarni qishloq xo'jaligida ish bilan ta'minlash orqali qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 55,7 ming gektar er maydonlari ajratib berilgan.
Davlat dasturi doirasida aholi salomatligini mustahkamlash, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, tibbiyotning birlamchi bo'g'inini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar doirasida qator ishlar amalga oshirildi. emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 mingdan ortiq emlash punktlari va 900 ga yaqin harakatdagi brigadalar tashkil etildi. emlash jarayonida foydalanish uchun 1002 ta avtotransport biriktirildi.
Parlament quyi palatasidagi barcha fraktsiyalarning hisobot yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari eshitilgach, deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma'qulladilar.