Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari Sirdaryo viloyatidagi uchrashuvlari davomida “Sardoba” SIU hududidagi “Oqoltin poultri” fermer xoʻjaligining 4.5 gektar yer maydonini ishsiz yoshlarga ajratib berish jarayonida qatnashdi.

–Mamlakatimiz aholisi soni ortib borishi bilan bir qatorda uning mehnat bandligini taʼminlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi, – deydi parlament quyi palatasining Agar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi Begali Qodirov. – Bu borada davlatimiz rahbarining aynan ishsizlik muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari ijobiy natijalar berayotganini koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz. Bugungi uchrashuv davomida 9 nafar yoshga 50 sotixdan yer maydoni ajratib berilib, yigit-qizlarga sabzavot, poliz, dukkakli va boshoqli don ekinlari ekish uchun zarur tavsiyalar berildi.

Kunning ikkinchi yarmida xalq vakillari Oqoltin tumanida oʻtkazilgan “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumida ishtirok etib, biznes vakillari bilan muloqot qildi, mavjud muammolarni hal etish choralarini koʻrdi.

“Navoiy” mahallasida yashovchi G.Elomonova ikki yildan buyon Sardoba shaharchasi markazida ijara asosida goʻzallik saloni ochib faoliyat yuritib kelmoqda. Endi u oʻz faoliyatini yana-da kengaytirib, qoʻshimcha 4 nafar yoshni ish bilan taʼminlamoqchi.Hatto yer olish masalasida tuman hokimligiga ham murojaat qilgan. Lekin oradan shuncha vaqt oʻtsa-da negadir uning murojaati yechim topmayapti.

Yigʻilishda koʻtarilgan bu masalani tuman hokimi oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi rahbari A.Ibodullayev oʻz nazoratiga olib, hal etishga vaʼda berdi.

Xususiy tadbirkor M.Toshxodjayeva tikuvchilik faoliyatini kengaytirish uchun kredit olmoqchi. Shu masala bilan mutasaddilarga yuzlangan tadbirkorning murojaatini xalq vakillari joyida qanoatlantirdi.

Muloqotlar chogʻida deputatlar yigʻilganlarga ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan “Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuzasidan tushunchalar berdi. Mazkur hujjatni yana-da takomillashtirish yuzasidan tadbirkor va fermerlarning takliflarini olishdi.

Uchrashuvlar doirasida xalq noiblari Sirdaryo tumanida davlat-xususiy sherikchilik asosida ishga tushgan maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tumanning “Navoiy” va “Dehqonobod” MFYda yashovchi fuqarolar uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil qilingan “Kamalak – 2021” nomli maktabgacha taʼlim muassasasida bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Hozirgi kunda oilaviy bogʻchaga 44 nafar oʻgʻil-qizlar qamrab olingan boʻlib, ularga 6 nafar tarbiyachi saboq berib kelmoqda. Eʼtiborlisi, mazkur oilaviy bogʻchada haftaning har shanba kunlari bolalar uchun bepul xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

Baxt shahridagi “Hulkar Lobar” MCHJga qarashli 100 oʻringa moʻljallangan “Rastishka” maktabgacha taʼlim muassasasida esa xorijiy tillarni chuqur oʻrgatishga asosiy eʼtibor qaratiladi. Ayni kunlarda MTMga farzandlarini berish istagini bildirgan fuqarolar soni 300 nafardan ortiq. Tadbirkor shularni inobatga olib oʻziga tegishli boʻlgan “Rasti Solnishka” MCHJ tomonidan 150 oʻringa moʻljallangan davlat- xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotini ochish harakatida.

Suhbat va muloqotlar davomida N.Maʼmirova kerakli barcha hujjatlarni tegishli bankka topshirganini, lekin mablagʻ ajratish masalasi ortga surilayotganini bildirdi. Deputatlar ushbu masalani oʻz nazoratiga olib, ijobiy hal etish boʻyicha zarur choralar koʻrishini maʼlum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolarining hududlar boʻylab oʻrganishlari davom etmoqda.

Quvasoyda profilaktika inspektoriga 1 million soʻm pora taklif qilishdi