Oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun imtiyozli kreditlar berish masalasiga doir soʻrov yuborish qarori Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida maʼqullangan.

Maʼlumki, amaldagi hujjatlarda tijorat banklari tomonidan 2020-yil 1-yanvardan boshlab talaba krediti foiz xarajatlarining bir qismini “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor foiz stavkalarida ajratilishi belgilangan.

Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov fikricha, bu mexanizmning huquqiy asoslari hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Bu holat kelgusida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasi ijrosining amalda taʼminlanmasligiga olib kelishi mumkin.

Shulardan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B.Musayevga “Yoshlarning taʼlim olishi uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy oʻquv yurtlari talabalariga taʼlim kreditlarini ajratish borasidagi ishlar toʻgʻrisida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.