Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jamoasi joriy yilda asosiy eʼtiborni hududlarda yangi diagnostika va davolash usullarini joriy qilishga qaratmoqda.
— Ilm-fan yutuqlarini sohamizga keng va samarali tatbiq etish uchun, avvalo, yuqori salohiyatli mutaxassislar kerak, — deydi ushbu muassasa direktori Ulugʻbek Sabirov. — Ayniqsa, joylarda bunga ehtiyoj yuqori. Shu maqsadda yil oxirigacha hududiy filiallarimizda faoliyat yuritayotgan 15 nafar shifokor xorijga malaka oshirish uchun yuboriladi.
Shuningdek, markazimiz hamda Rossiya va AQSHning nufuzli klinikalari oʻrtasida imzolangan memorandumlar asosida ushbu davlatlardan yetakchi mutaxassislarni muassasamizga jalb qilishni rejalashtirganmiz.
Qolaversa, chet eldan tashrif buyuradigan 4 nafar yetuk shifokor-olim ishtirokida joylarda mahorat darslari oʻtkaziladi.
Barcha hududiy filiallarni 5 turdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash orqali teri xastaliklarini erta bosqichda tashxislash va davolash usullari joriy etiladi.
Markaz va uning hududiy filiallarida sunʼiy intellektga asoslangan raqamli texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilamiz.
Oʻz navbatida, Samarqand va Buxoro filiallarimiz xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilgach, tibbiy turizm yoʻnalishida chet ellik fuqarolarga sifatli, xavfsiz va zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yanada kengayadi.
Muassasaning Samarqand filialida serorezistent zaxm bilan ogʻrigan bemorlarni plazmaferez usulida, atopik dermatitni VLOK terapiya hamda inyeksion ozonoterapiya yordamida kompleks davolash kabi oʻndan ziyod yangi muolaja turlari oʻzlashtiriladi.
Markazning Xorazm filiali Xiva shahridan Urganch shahriga koʻchiriladi va undagi bakteriologik laboratoriyada ekma usulida tekshirish, trixologiya yoʻnalishida soch koʻchirib oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.
Buxoro filialida teri ultratovush tekshiruv apparati va bakteriologik analizator yordamida tekshiruvlar, ND-Yag lazer texnologiyasi orqali kosmetolik muammolari bor bemorlarni samarali hamda asoratsiz davolash amaliyotlari joriy qilinadi.
Qashqadaryo filialimizda soch koʻchirib oʻtkazish amaliyotiga kirishilsa, Navoiy filialida xorijiy davlatlar mutaxasislari bilan hamkorlikda teletibbiyot yordamida bemorlar koʻrigi amalga oshiriladi hamda trixologiya yoʻnalishida soch ekish usuli amalga oshiriladi.
Toshkent viloyati filialida esa immunogistoximiya tekshiruv usuli yoʻlga qoʻyiladi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Asosiysi, bu kabi yangilanishlar natijasida dermatovenerologiya va kosmetologiya xizmatlaridan yurtimizning barcha hududlarida keng foydalanish imkoniyati yuzaga keladi.