Hozirgidek tinch, ozod kunlarni ko'rish u vaqtlar katta armon edi, mudom qo'rquv, xavotir domida yashaganmiz. Yaratganga ming shukr, shu kunlarga etdik. Kuni kecha Shavkat Miromonovichning tabrik xatini, pul mukofotlarini, sovg'alarini olgan edim. Bugun nabiram kelib yana bir xushxabar aytdi.
Muhtaram Prezidentimiz urush qatnashchilarining pensiyasini oshiribdi. Baraka topsin. Yurtimizda ko'p yaxshi ishlar bo'lyapti. O'zim ko'chaga kam chiqsamda, ko'zimdan nur qochib, qulog'im sal pand bersada, bolalarning gap-so'zidan, harakatidan, yuz-ko'zidan sezaman buni. Farzandlarim kelajagidan ko'nglim to'q. Hammasi yaxshi.
O'zi odam qariganda bir og'iz shirin so'z, ozgina e'tibor, mehrga o'ch bo'lib qolarkan. To'g'ri kamimiz yo'q, farzandlarimiz ardog'ida yashayapmiz. Lekin odamga davlat rahbarining e'tibori baribir boshqacha ta'sir qiladi. Hali vatanga kerakdek his qilasan o'zingni.
Prezident bugun odamlar bilan uchrashib, uylarga kirib mehmon bo'lyapti. Xalqni eshityapti. Bunda hikmat ko'p. Bittasini aytsam: O'zbekiston bugun yana mehr mamlakatiga aylandi. Qariyalari, farzandlari, ayollari e'zozlangan yurtda doim tinchlik-xotirjamlik bo'ladi, xalq murod-maqsadiga etib yashaydi.
Bugun bizning qo'limizdan kelgani duo: dunyomiz tinch, rizqimiz butun bo'lsin, davlat rahbari xalqni o'ylab charchamasin, bizni o'ylaganlar murodiga etsin, ishlariga baraka bersin.
Samandar XUDOYBERGANOV,
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
Xorazm viloyati