Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, san'at va madaniyat arboblari, olimlari, diniy-ma'rifiy soha vakillari, D.G'ulomovaning farzandlari, hamkasblari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.
Dastlab O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva so'zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, haq-huquqlarini himoya qilish va iste'dodlarini rivojlantirish hamda xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy-ma'rifat sohasidagi ko'p yillik samarli faoliyati uchun G'ulomova Dilbar Muxamedxanovna “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni o'qib eshittirildi.
— Taniqli davlat va jamoat arbobi, qadrli ustozimiz Dilbar G'ulomova haqiqiy ma'noda O'zbek ayoli timsoli, xotin-qizlarimiz uchun o'z mehnat faoliyatlari, ilmiy salohiyati, fidoyiligi va oilasiga sadoqati hamda farzandlar tarbiyasidagi jonkuyarligi bilan ibrat maktabini yaratdilar, — deydi tabrik so'zida Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva. — U kishi o'zlarining 40 yildan ortiq mehnat faoliyatlari davomida mamlakatimizda oila institutini rivojlantirish, xotin-qizlarimiz uchun farovon turmush sharoitini yaratish, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish borasida samarli va fidokorona xizmat qildilar.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi SH.Minovarov ham yubiley sohibasini samimiy qutlab, u kishining yurtimizda ma'naviy-ma'rifiy sohada ko'rsatayotgan fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan yuqori baholanayotganini e'tirof etdi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboev tomonidan ham Dilbar G'ulomovaning 80 yoshlik yubileyi hamda davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlangani munosabati bilan tabrik yo'llandi. Qutlov nomasi hamda esdalik sovg'alarini Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Komilov samimiy dil izhorlari bilan tantanali topshirdi.
Darhaqiqat, xalqimiz qadim qadriyatlarini asrab-avaylash, uni yosh avlodga munosib etkazish orqali davlatimiz taraqqiyoti, elimiz farovonligi yo'lida fidoyilik ko'rsatgan Dilbar G'ulomovaning hayot yo'llari va ilmiy faoliyatlariga nazar tashlasak, ushbu mukofotga tom ma'noda munosib ekanliklarini ko'ramiz. Dilbar G'ulomova 1941 yil 30 mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat to'qimachilik institutini muvaffaqiyatli tamomlagach, turli yillarda mas'uliyatli vazifalarda ishlab kelgan, jumladan, Toshkent viloyati maxalliy sanoat, maishiy xizmat va kommunal xo'jaligi kasaba uyushmalari qo'mitasi raisi, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi, Respublika xotin-qizlar qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari, rais, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari lavozimlarda, 2019 yildan buyon esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari lavozimida samarli faoliyat yuritib kelmoqda.
Dilbar G'ulomova davlatimiz tomonidan “Do'stlik”, “Mehnat shuhrati” va “el-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Tadbirda shuningdek, Dilbar G'ulomovaning safdoshlari, shogirdlari va farzandlari nomidan Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining birinchi o'rinbosari Gulnora Ma'rupova, fan doktori, professor Halima Alimova, “Sog'lom avlod uchun” xayriya fondi raisi Svetlana Inamova, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova ham so'z olib, o'zbek ayoliga haqiqiy ma'noda ham davlat va jamoat ishlaridagi faolligi bilan, ham oilaga sadoqati, ro'zg'or tebratishdagi oqilaligi-yu, farzand tarbiyasidagi namunasi bilan ibrat bo'lib kelayotgan ustozlariga o'z hurmatlarini bildirishdi.
Uchrashuv davomida mehribon olima va jonkuyar inson Dilbar G'ulomova uzoq yillik mehnat faoliyati davomida yurtimiz rivoji uchun sidqidildan mehnat qilganligi, malakali shogirdlar tarbiyalagani e'tirof etildi. O'z navbatida Dilbar G'ulomova ko'rsatilgan e'tibor va hurmat uchun davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz, xalqimizga o'z minnatdorligini bildirdi.