Koʻpchiligimiz sevib isteʼmol qiladigan mahsulotlardan biri bu konservalangan goʻsht mahsulotlaridir. Doʻkonlar va savdo majmualari rastalarini turli xil goʻsht konservalari bilan toʻlib toshganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Dimlangan konserva goʻsht mahsulotlari assortimentiga har doim ham isteʼmolchilar tomonidan talab yuqori boʻlgan.

Isteʼmolchining konservalangan goʻshtni tanlashdagi asosiy muammosi bu mahsulotning mahkamlangan idishlarda joylashganligidir, uning sifatini faqatgina konservalangan idish ochilgandan keyin baholash mumkin. Ushbu vazifani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi amalga oshirdi. Chakana savdoda sotilayotgan konservalangan goʻsht mahsulotlarining belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganish maqsadida Agentlik tomonidan oltita konserva namunalari xarid qilindi va sinovdan oʻtkazish uchun akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarga yuborildi, ushbu namunalar quyidagilar:

  1. Bars dimlangan mol goʻshti, “Bars” MCHJ, Rossiya (325 g);
  2. Ekstra dimlangan mol goʻshti, “Bars” MCHJ, Rossiya (325 g);
  3. Asl dimlangan mol goʻshti, “Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g);
  4. Ansor dimlangan mol goʻshti, “Ansor Zohir” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g);
  5. Dimlangan mol goʻshti, “Marmaks” QK MCHJ, Oʻzbekiston (338 g);
  6. Raimov dimlangan mol goʻshti, “Raimov” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g).

Ekspertiza natijalari haqida

Tanlab olingan goʻsht konservalari namunalari GOST 32125-2013 «Konservы myasnыye. Myaso tushyonoye», GOST R 54033-2010 «Konservы myasnыye. Myaso tushyonoye», GOST 5284-84 «Konservы myasnыye. Govyadina tushyonaya», Ts 16333554-001:2014, Ts 22758387-01:2015 talablariga muvofiqligi sinovdan oʻtkazildi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, mahsulotlar aynan ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot idishida eʼtirof etilgan standartlar talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazildi.

Barcha talablarga koʻra sifatli hisoblangan konserva mahsulotlarida maʼlum miqdordagi goʻsht, yogʻ va oqsil boʻlishi belgilangan. Biroq, mazkur talablarga sinov uchun tanlab olingan barcha namunalar ham javob bermasligi maʼlum boʻldi.

Oqsil miqdori qancha boʻlishi kerak?

Dimlangan konserva goʻsht mahsulotlarini xarid qilayotib, biz ushbu mahsulotning tarkibi oqsilga boy boʻlishi lozim degan oʻyga borishimiz tabiiy. Oqsil bu goʻshtning asosiy ozuqaviy qiymati boʻlib, standartlarga koʻra konserva mahsulotida 15% dan kam boʻlmasligi lozim, biroq ….

  1. Ekstra dimlangan mol goʻshti, “Bars” MCHJ, Rossiya (325 g) – oqsil umumiy miqdori 12,65%.
  2. Asl dimlangan mol goʻshti, “Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – oqsil umumiy miqdori 10,32%.
  3. Raimov dimlangan mol goʻshti, “Raimov” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – oqsil umumiy miqdori 12,63% ni tashkil etdi.

Goʻsht hissasi qancha?

Yuqoridagi standartlar talablariga yana bir bor yuzlanar ekanmiz, ularga muvofiq, konservalangan goʻsht mahsulotlarida tarkibiy qismlarning (goʻsht va yogʻ) hissasi mol goʻshtidan qilingan konservada 58% kam boʻlmasligi belgilangan. Agentlik tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga koʻra, ayrim ishlab chiqaruvchilar kam xarajat qilgan holda, koʻp foyda olish ilinjida, hozirda qimmat goʻsht mahsulotini kamroq qoʻshishga harakat qilganini koʻrishimiz mumkin. Demak:

  1. Asl dimlangan mol goʻshti, “Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – goʻsht va yogʻning umumiy hissasi 56,5%.
  2. Raimov dimlangan mol goʻshti, “Raimov” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – goʻsht va yogʻning umumiy hissasi 49,2% tashkil etdi.

Oʻtkazilgan sinov natijalariga koʻra, yogʻ umumiy miqdorida yana bir qator kamchiliklar aniqlandi, xususan, meʼyorlarga muvofiq, uning hissasi 17%dan oshmasligi belgilangan boʻlsa, Ekstra ”Bars” MCHJ, Rossiya (325 g) dimlangan mol goʻshtida uning hissasi 20,6% ekanligi aniqlandi. Shuningdek, normativlarda osh tuzining miqdori 1,0-1,5% boʻlishi koʻrsatilgan, biroq Asl ”Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) dimlangan mol goʻshtida tuz hissasi 2% ni tashkil etgani maʼlum boʻldi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan yuqoridagi mahsulotlar namunalarini sinovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha maʼlumotlar kamchiliklarni bartaraf etish hamda muvofiqlik sertifikatini toʻxtatish va zarur hollarda bekor qilish uchun tegishli vakolatli organlarga yuborildi.

Ekspertiza natijalariga koʻra, faqatgina uchta mahsulot namunalari sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlariga javob berishi maʼlum boʻldi, bular:

  1. Bars dimlangan mol goʻshti, “Bars” MCHJ, Rossiya (325 g);
  2. Ansor dimlangan mol goʻshti, “Ansor Zohir” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g);
  3. Dimlangan mol goʻshti, “Marmaks” QK MCHJ, Oʻzbekiston (338 g);

Hurmatli isteʼmolchilar, Agentlik tomonidan oʻtkazilayotgan ekspertiza natijalariga alohida eʼtibor berishingizni hamda faqatgina xavfsiz mahsulotlarni xarid qilishingizni tavsiya qilamiz.